Mamlakatimizda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer ho‘jaliklari o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatni yo‘lga qo‘yish, paxta xom ashyosini yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi korxonalar faoliyatining samaradorligini yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 yanvarda qabul qilingan “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida paxta to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga bir qator imtiyozlar yaratildi.
Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning ta’sischilarini yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga ta’sir o‘tkazish qati’yan man etilishi belgilab qo‘yildi.
Fermerlar va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasidagi munosabatlarga mahalliy davlat hokimiyati organlari aralashuvi qat’iyan ta’qiqlandi. Paxta yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘liq bekor qilingani bois davlat rahbari qarorida mustaqil xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Bunda o‘zaro kelishilgan fyuchers shartnomalari asosida ishlar tashkil etiladi. Qarorda har yili 1 oktyabrga qadar kelgusi yil hosili uchun paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilishi belgilangan. Paxta xom ashyosining xarid narxlari o‘zaro manfaatli kelishuvlar asosida shakllanishi va shaffof tizimning joriy qilinishi nazarda tutilgan.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan bo‘nak to‘lash mahsulot yetishtiruvchilar bilan kelishuv asosida pul va moddiy resurslar shaklida amalga oshiriladi. Bunda fermerlar noroziligiga sabab bo‘layotgan salbiy amaliyotga barham beriladi. Endilikda moddiy resurslar, jumladan, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari ustamalarsiz (yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari bundan mustasno) yetkazib beriladi.
Texnikalar xaridida ham fermer, tomorqachilar uchun qulaylik yaratiladi. Ya’ni endilikda xorijdan olib kelingan va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga ushbu texnikalar qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining ham 50 foizigacha qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Paxta maydonlarini nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
2025 yil 1 yanvarga qadar import qilinadigan mineral o‘g‘itlarga bojxona bojining «nol» qiymatda qo‘llanilishi belgilandi. 2023 yil 26 yanvar kuniga qadar fermer ho‘jaliklarining barcha soliqlari bo‘yicha hisoblangan va to‘lanmagan penyalari, istisno tariqasida hisobdan chiqarildi.
Tomchilatib sug‘orishga berilgan va beriladigan kreditlar muddati besh yil etib belgilandi.
Biz barcha paxtachilik yo‘nalishidagi fermerlarga Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda tomchilatib sug‘orishga beriladigan kreditlar muddatini 5 yilga belgilash hamda mazkur maqsad uchun avval berilgan kreditlarga nisbatan ham ushbu muddatga qayta rasmiylashtirish choralari ko‘rilayotgani yuzasidan tushintirishlar bermoqdamiz.
Zokir Allamuradov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i.