Fermerlar uchun o‘quv seminari yakunlandi
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida fermerlar uchun o‘quv seminarlari yakunlandi.
Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) tomonidan moliyalashtirilgan seminarlar Qoraqalpog‘istonning yettita hududida— Chimboy, Xo‘jayli, Nukus, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlarida bo‘lib o‘tdi. Ularda fermerlar, qishloq xo‘jaligi ayollari va yoshlardan iborat 1 ming 600 nafardan ortiq ishtirokchi qamrab olindi.
Dastur amaliy va ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni joriy etish, tuproqqa ishlov berish, urug‘chilikni yaxshilash va yer degradatsiyasi hamda iqlim xavflari sharoitida qishloq xo‘jaligining barqarorligini oshirishga qaratildi. Seminarni ICBA markazi bosh direktori Doktor Tarifa Alzaabi ochib berdi.
Trening yakunida ishtirokchilarga amaliy qo‘llash uchun urug‘lar tarqatildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri