Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yerdan unumli foydalanish va zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etishda tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajonov boshchiligidagi bir guruh fermerlar ham Boyovut tumanidagi “Boyovutlik Humoyun” fermer xo‘jaligi tajribasini o‘rganishdi.


Mehmonlar xo‘jalikda joriy etilgan zamonaviy agrotexnologiyalar, hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar hamda resurslarni tejashga asoslangan agrar yechimlar bilan bevosita tanishdi. Fermerlar bilan suhbat davomida xo‘jalik rahbari Abdulla Begmatov bugungi agrosohada samaradorlikka erishish uchun ilm va ilg‘or tajribaga asoslangan ish uslublari hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

– Fermerlik yerga urug‘ sochish emas, balki izlanish, tahlil va texnologiyaga asoslangan sohadir, – dedi Abdulla Begmatov. – Biz xo‘jalikda joriy qilgan qo‘shqator usulda paxta ekish, tomchilatib sug‘orish, tanlab nav ekish kabi yondashuvlar orqali hosildorlikni oshirishga erishdik. Yer va suv resurslaridan oqilona foydalanyapmiz. Bu tajriba boshqa fermerlar uchun ham juda foydali bo‘ladi.

Xo‘jalikda Xitoy texnologiyasi asosida 58 gektar maydonda yuqori hosildorlikka ega “XinLuZao-78” navli paxta ekilib, zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan 16 gektar maydonda ushbu nav qo‘shqator usulida ekilgan. Innovatsion yondashuv sholi yetishtirishda ham namoyon bo‘lgan. Xususan, g‘alladan bo‘shagan 8 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sholi ekilib, suv resurslaridan tejamli foydalanish, o‘simliklarning ildiz qismini samarali sug‘orish va hosil sifatini yaxshilash imkoni yaratilgan. Shuningdek, xo‘jalikda yer madaniyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Dalalar atrofiga mevali va manzarali daraxtlar ekilib, ekologik muhit yaxshilanmoqda.

– Qishloq xo‘jaligida yuksak natijaga erishish uchun doimiy izlanish va yangiliklarga ochiq bo‘lish zarur. “Boyovutlik Humoyun” xo‘jaligidagi innovatsion yondashuvlar, zamonaviy agrotexnik yechimlar sayxunobodlik fermerlar uchun o‘rganishga arziydigan tajriba maktabi bo‘ldi, – deydi Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajonov. – Bizning vazifamiz — ushbu tajribani mahalliy sharoitga moslashtirgan holda joriy etish.
Sayxunobodlik fermerlar samarali ish uslublari, innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni o‘z xo‘jaliklarida joriy etish niyatida ekanini bildirdi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari