Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kun o‘zgacha quvonch va shukuh bilan keng nishonlandi.
Obod va to‘kin turmushimiz bunyodkorlarining kasb bayrami munosabati bilan viloyat tuman va qishloqlarida turli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, vohaning eng kenja Bandixon tumani agrar tarmoq xodimlari va mirishkor dehqonlarning kasb bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir “Xonsaroy” to‘yxonasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Abdumalik Allamurodov qishloq xo‘jaligi xodimlarini kasb bayramlari bilan muborakbod etib, yakunlanayotgan yilda erishilgan yutuqlar yangi yil rejalari haqida atroflicha so‘z yuritdi. Keyingi yillarda agrar tuman qiyofasi tubdan o‘zgarib, zamonaviy infaratuzilma barpo etilayotgani, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan sanoat korxonalari bunyod etilib, aholi bandligi ta’minlanayotgani qayd etildi.

Ayni paytda tumanda 275 ta paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik va chorvachilik fermer xo‘jaligi mavjud tomorqachilar ham turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib ulush qo‘shmoqda. Saxovatpesha fermerlar ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, bir guruh ilg‘or fermerlar kasb bayramlari munosabati bilan tuman mahallalarida yashaydigan o‘nta ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlarining sunnat to‘ylarini o‘tkazishga homiylik qilib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini qo‘shaloq shodiyonaga aylantirdi. Dehqonchilikda barchaga o‘rnak bo‘layotgan fermer va tomorqa-yer egalari tuman hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. To‘y bolalarga ham sovg‘a-salomlar topshirilib, ularning qalbiga bir olam quvonch ulashildi.

Tadbir to‘kin dasturxon atrofida san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri