Fermerlar Ohangaron shahrini qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan taʼminlaydi
Toshkent viloyatida Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining navbatdagi sessiyalari oʻtkazilmoqda.
Toshkent viloyatida Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining navbatdagi sessiyalari oʻtkazilmoqda.
Jumladan, Ohangaron shahar kengashining oltinchi chaqiriq XVII sessiyasida shahar hokimi Akrom Eshonqulov aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻliq qondirish va bozorlardagi narx-navo barqarorligini taʼminlash boʻyicha hisoboti eshitildi.
Sektor rahbarlari, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Ohangaron shahrida 2021-yil may oyiga qadar aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻliq qondirish va bozorlardagi narx-navo barqarorligini taʼminlash maqsadida zaruriy hisob-kitoblar amalga oshirildi. Shaharda aholi ehtiyojiga talab etiladigan mahsulotlarni saqlash uchun quvvati 3 ming 170 tonna boʻlgan 7 ta omborxonalar mavjud boʻlib, may oyiga qadar mahsulotlarni toʻliq saqlash imkoniga ega.
Shu maqsadda jalb etiladigan 16 ta tadbirkorlik subyektining dastlabki roʻyxati shakllantirilgan. Ularga 500 million soʻm kredit resurslarini ajratish choralari koʻrilmoqda.
Shahar aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish maqsadida Parkent tumanidagi fermer xoʻjaliklari bilan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzish ishlari olib borilmoqda. Shu kungacha 186 tonna kartoshka, 668 tonna piyoz, 143 tonna sabzi, 324,4 tonna guruch mahsulotlari, jami 721,4 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga shartnoma imzolandi.
Qayd etilganidek, bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash maqsadida 4 ta sektor rahbarlari boshchiligida iqtisodiy kompleks va departament xodimlari tomonidan ishchi guruhlar tashkil qilinib, bozorlarda kunlik nazorat olib boriladi. Aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻliq taʼminlash maqsadida dehqon bozori va undagi “Elga xizmat” yarmarkalari tashkil etilyapti. Shu bilan birga, shahardagi 21 ta mahallada soddalashtirilgan koʻchma savdo maskanlarini tashkil etish choralari koʻriladi.
Sessiyada mutasaddilar tomonidan mazkur tadbirlar doirasida bozorga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zarur miqdorda uzluksiz yetkazib berilishini va narxlar keskin oshishining oldi olinishini taʼminlash boʻyicha tegishli vazifalar belgilandi.