Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda
14:55 / 2025-11-13

O‘zbekiston Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa korxonalarda qishloq xo‘jaligi faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi davlat, tarmoq va hududiy dasturlar, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilyapti.

—2025 yilning o‘tgan oylari davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun jami 2 milliard 248 million so‘m yo‘naltirildi, —deydi O‘zbekiston Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha hududiy vakili Allaniyaz Ajimov. —Jumladan, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Chimboy tumanida faoliyat yuritayotgan “Kabulovlar oilasi” ma’suliyati cheklangan jamiyatiga 1 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.  Shuning hisobidan 1 gektar yerda issiqxona barpo etilib, bugungi kunda Chimboy tumani aholisiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Shuningdek, Amudaryo tumanida “Tursunbayev Shohjaxon” fermer xo‘jaligiga ajratilgan 355 million so‘m mablag‘ hisobidan “Belarus-80X” haydov traktori xarid qilindi. Fermer xo‘jaligi tomonidan haydov traktori bilan o‘ttizdan ziyod tomorqa yer egalariga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Jamg‘arma tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun jami 21,5 milliard so‘m kredit olish istagini bildirgan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Shundan joriy yilning ikkinchi choragida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga kredit resursi sifatida 1 milliard 750 million so‘m, qishloq xo‘jaligi mini traktori uchun lizing sifatida 130 million so‘m, aholi tomorqalarida burg‘ulangan artezian qudug‘i uchun subsidiya sifatida 13 million so‘m ajratildi. Jumladan, Chimboy tumanidagi “Kabulovlar oilasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga issiqxona tashkil etish uchun 1 milliard so‘m, Taxtako‘pir tumanidagi “Bao‘-baxsha klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga muzlatqichli omborxona uchun 600 million so‘m, To‘rtko‘l tumanidagi “Saitova Bekajon” yakka tartibdagi tadbirkorga bog‘dorchilik uchun 200 million so‘m, ushbu tumandagi “Tozobog‘li Murad” fermer xo‘jaligiga qishloq xo‘jaligi mini traktori uchun 130 million so‘m lizing mablag‘i moliyalashtirib berildi. Ajratilgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha ravishda 3 ming 500 bosh parranda, 300 tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish, 200 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotini mavsumgacha saqlash imkoniyati yaratildi.

2025 yilning  birinchi yarim yilligida asosiy faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining ijrosini ta’minlashga  qaratildi. Jumladan, jamg‘arma tomonidan intensiv bog‘, tokzorlar va issiqxonalarni hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologiyalari va asbob-uskunalarni lizingga berish bo‘yicha prognoz xarajatlari ishlab chiqildi.

Fermer xo‘jaliklari yerlaridan foydalanishning innovatsion yondashuvi ularning dehqonchilik sir-asrorlarining qay darajada egallaganligi, bilim va malakasining yetarli yoki yetarli emasligi bilan  bog‘liq bo‘ladi. Buning uchun fermer xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanishda ularning bilim va malakasini muntazam ravishda oshirib borish zarur. To‘g‘ri, barcha fermer xo‘jaliklari ham o‘zlarining bilim va malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi mumkin. Buning uchun maxsus o‘quv markazlari tashkil etish orqali ularni bepul dehqonchilik sir-asrorlarini o‘rgatishga o‘qitish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada tomorqachilikni rivojlantirish yo‘lida hududlarda Jamg‘arma ta’sischiligida tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur o‘quv markazlarida tashkil etilgan o‘quv kurslari faoliyati kelgusida fermer va dehqon xo‘jaliklari dala maydonlaridan samarali foydalanishiga, yiliga kamida 2-3 marta hosil olishiga, pirovardida hududdagi bozorlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘yinishiga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning uchinchi choragi davomida Amudaryo tumanidagi “Amudaryo tomorqa xizmati”, Nukus tumanidagi “To‘remurad Best tomorqa xizmati”, Beruniy tumanidagi “Beruniy Agro biznes tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, Taxiatosh tumanining “Nayman” ovul fuqarolar yig‘inidagi namunali tomorqa yer egasi N.Xalilayev hamda Bo‘zatov tumanidagi “Bo‘zatov” mahalla fuqarolar yig‘inidagi namunali tomorqa yer egasi K.Jangeldiyev xonadonlari negizida jamg‘arma hisobidan eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga ixtisoslashgan namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari orqali o‘quvlar tashkil etildi. O‘quv kurslarida tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishda tajribali professor-o‘qituvchilar, olimlar, soha mutaxassilari, usta dehqonlar, na’munali tomorqachilar jalb etildi.

Tasdiqlangan jadval asosida o‘quv kurslarini tashkil qilishda yaqin tumanlardan 10-15 nafardan tinglovchilar tizimli ravishda jalb etildi. Bu kabi qisqa muddatli o‘quv kurslarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa hududlarida ham tizimli tashkil etish rejalashtirilgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri