Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerlar manfaati himoya qilinmoqda
14:56 / 2025-06-04

Fermer xo‘jaliklarining qonuniy manfaatlari va moliyaviy huquqlarini himoya qilish O‘zbekiston fermerlari kengashi kundalik faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunda tuman fermerlar kengashining ham xizmati beqiyos. Ya’ni fermerning mehnati, mulki va haqi kafolatli himoya qilinishi shart.

Xo‘sh, bugungi kunda fermerlar mehnati qanday himoya qilinmoqda?  

Ular uchun yaratilgan imtiyozlar va kafolatlar qay tartibda belgilanganligini bilish maqsadida O‘zbekiston fermerlari kengashi yuridik xizmatlar ko‘rsatish va fermerlarning huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i S.Hotamov bilan suhbatlashdik.  

Mutaxassis Qashqadaryo viloyati “Chiroqchi klaster g‘alla” MCHJdan 6,8 milliard so‘m haqdorlik uchun sud ishlari boshlangani misolida mavzuni davom ettirdi.    

– Har bir fermer manfaati qonuniy himoyada. Ayniqsa, mavsum davrida uning mehnati huquqiy kafolatlanishi shart. Bu bizdan zimmamizga yuklatilgan vazifaga mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Shu kunlarda o‘z mehnatiga tegishli haqni ololmayotgan fermer xo‘jaliklari manfaatini himoya qilmoqdamiz. Ya’ni 2024 yil g‘alla mavsumi uchun Chiroqchi tumanidagi 208 ta fermer xo‘jaligi “Chiroqchi klaster g‘alla” MCHJ bilan boshoqli don yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalar tuzgan. Shartnomalarga ko‘ra, fermerlar tomonidan 6,8 milliard so‘mlik don topshirilgan. Ammo belgilangan muddat – 2024 yil 1 sentyabrga qadar hisob-kitob amalga oshirilmagan.

 2024 yil 4 noyabrda “Chiroqchi klaster g‘alla” MCHJga debitorlikni 3 kun ichida to‘lash talabi bilan rasmiy talabnoma  yuborilgan. Lekin korxona bu talabnomaga hech qanday munosabat bildirmagan va to‘lovni amalga oshirmagan.

Mavjud vaziyat bizda bo‘lib o‘tgan 2023 yildagi holatni takrorlamoqda. Unda o‘tgan yili ham 65 ta fermer manfaatida 3,4 milliard so‘mlik da’volar kiritilgan, ijro varaqalari berilgan, ammo “Agrobank” filiali tomonidan mablag‘ aylanmagani sababli ular amalda bajarilmagan edi.

Joriy yilda Kengash tashabbusi bilan 208 fermer xo‘jaligi manfaatini himoya qilish maqsadida 6,8 milliard so‘mlik 142 ta da’vo arizasi tuzilib, Chiroqchi tumanlararo iqtisodiy sudiga 2025 yil 27 maydan boshlab ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.

“Chiroqchi klaster g‘alla” MCHJ bilan tuzilgan shartnomalarda hisob-kitob 1 sentyabrga qadar amalga oshirilishi, kechikish holatlarida esa 15 foiz jarima va har kunlik penya (0,4 foiz) to‘lanishi ko‘rsatilgan. Lekin ushbu shartlar ham haligacha bajarilmagan.

Fuqarolik kodeksi va Vazirlar Mahkamasining 383-son qarori talablariga ko‘ra, fermer va klasterlar o‘rtasidagi shartnomalar yozma tarzda, belgilangan talablarga muvofiq tuzilishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Bu jarayonda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari va fermerlar kengashi mas’ul hisoblanadi.

Fermer o‘z haqini talab qilishga haqli.  Kengash esa bu jarayonda uning ishonchli tayanchidir.

Nilufar Bozorova suhbatlashdi.

O‘zA