FOTOREPORTAJ
Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish, soha mutaxassislarini bilim va ko‘nikmasini muntazam oshirib borish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan.
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tashabbusi bilan tashkil etilgan “Fermerlar maktabi”ning o‘quv kurslari ham fermer va dehqonlarning malakasini oshirish maqsadiga qaratildi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamkorligida olib borilgan o‘quvlarda malakali soha mutaxassislari tomonidan nazariy darslar, ilmiy mavzularga oid munozaralar olib borildi. Suvdan samarali foydalanish texnologiyalari, zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish usullari, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishida innovatsion intensiv texnologiyalar, dehqonchilikda hosildorlikni oshirishning zamonaviy usullari, fermer xo‘jaligi menejmenti, tuproq unumdorligi, muammolari va uning sifatini yaxshilash chora-tadbirlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini terish, saqlash, ishlov berish va sotish, qishloq xo‘jaligi marketingi kabi ma’ruzalar tinglandi.
[gallery-5670]
– Fermerlar chorvachilik, parrandachilik, polizchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaligi, biznes, moliya va huquqiy savodlik hamda o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha xorij tajribasiga ega mutaxassislarning mahorat darslarida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi, - deydi biologiya fanlari doktori, tuproqshunoslik kafedrasi professori Hafiza Ortiqova. Loyihaga shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi hamda Suv xo‘jaligi vazirliklari, Toshkent davlat agrar universiteti, sohadagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha milliy loyihasi, qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro tashkilotlar hamkorlik qildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA