Keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida asosiy e’tibor suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik hamda korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilmoqda.
Fermerga hamisha madadkor, ularni qo‘llab-quvvatlashda alohida tashabbus ko‘rsatadigan O‘zbekiston Fermerlar kengashi hamda uning hududlardagi bo‘limlari joriy yilda ham faollikni qo‘ldan bermadi. Xususan, Namangan viloyati fermerlar kengashi hududda joriy yilda agrar sohada erishilgan yutuqlarga munosib hissa qo‘shdi.

Yakuniga yetib borayotgan 2025 yil – azamat mirishkorlarimiz uchun salmoqli natijalarga boy yil sifatida muhrlanib qolishi shubhasiz. Qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, g‘allachilikda 66 mingdan ziyod maydondan o‘rtacha 85,1 sentnerdan 561 ming 685 tonna don yetishtirildi. Bu borada peshqadamlar qatorida bo‘lgan Mingbuloq, Uchqo‘rg‘on, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Chust, Chortoq, Kosonsoy va Namangan tumanlari g‘allakorlari munosib ulush qo‘shib, gektaridan 90-100 sentnerdan g‘alla olishga erishdi.

Viloyat agrar tarmog‘ida asosiy o‘rin tutadigan paxtachilik yo‘nalishida ham e’tiborga molik natijalar qo‘lga kiritildi. Jami 48 ming 898 gektar maydonda har gektaridan o‘rtacha 45,8 sentnerdan 224 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilib, belgilangan reja 104,6 foizga bajarildi. Buning samarasi o‘laroq, 288,7 milliard so‘m sof foyda topildi. Viloyat bo‘yicha o‘rtacha rentabellik 20 foizni tashkil etmoqda.

Bunday yutuqlar uchun izlanishlar, innovatsion yangiliklarni qo‘llab-quvvatlagan fermerlar xo‘jaliklari tomonidan ilmiy yondashuvlar asosida yuqori hosil olish barobarida, texnika kuchidan ham unumli foydalanildi. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, 1 ming 370 ga yaqin fermerlar shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajarib, ulkan xirmonga katta hissa qo‘shdilar.

G‘allachilik yo‘nalishida esa 982 fermer xo‘jaligi yuqori hosildorlikka erishdi. Shu jumladan, 80 sentner va undan yuqori hosil olganlari soni 532, 100 sentner va undan yuqori hosil olganlari soni 450 taga ortdi.
Bunday zalvorli yutuqlar zamirida mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, chunonchi, bu borada qabul qilinayotgan Prezident farmon va qarorlar ijrosi mujassam.

– Fermer xo‘jaliklari faoliyatini bir maromda izchil davom etishi, sohada duch kelinadigan ayrim to‘siqlarni bartaraf etish, mavjud muammolarni joyida ijobiy hal qilishda qo‘llab-quvvatlov muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Namangan viloyati fermerlar kengashi raisi Nosirjon Kaimov. – Bu borada kengashimiz tomonidan shu yilning o‘tgan o‘n bir oyi davomida bir qator amaliy ishlar qilindi. Fermerlarimizning qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, kengash huquqshunoslari tomonidan 239,9 milliard so‘mlik 1 ming 201 da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, shundan, 1046 tasi qanoatlantirilib, 208,9 milliard so‘m mablag‘lar fermer xo‘jaliklariga undirib berildi. Qolaversa, 3 ming 897 holatda 882,3 milliard so‘mlik talabnomalar kiritilgan bo‘lib, bunda 1 ming 917 ishda 466,6 milliard so‘m undirilgan.

Dala maydonlarida yuqori sur’atda hosildorlikni ta’minlashda suv tejovchi texnologiyalardan oqilona foydalanish nechog‘lik zaruriyatini hozirgi vaqtda aksariyat fermerlar chuqur anglab yetganligi e’tiborga molik.
Namanganda “Xorazm tajribasi” asosida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 760 fermer xo‘jaligini suv nasoslarini elektr tejamkoriga almashtirish rejalashtirilib, hisobot davrida 741 fermer xo‘jaligi ro‘yxati shakllantirildi. Jumladan, 617 xo‘jalikning nasos agregatlari tejamkor qurilmalarga almashtirildi.
Viloyat bo‘yicha fermer xo‘jaliklari tomonidan 86,5 ming gektar maydonlarda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilib, reja 111 foizga ortig‘i bilan ado etildi. Shundan, 5,4 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 2,0 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 570 gektarda diskret, 13 ming 760 gektarda egiluvchan quvur orqali sug‘orish, 4,9 ming gektarda plyonka to‘shab sug‘orish, 60,1 ming gektarda lazer tekislash ishlari amalga oshirildi.
2025-206 yillar uchun yangi hosil uchun klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 2 ming 400 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish belgilangan. Shundan, joriy yilning oktyabr-dekabr oylarida 552 kilometr betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 279 chaqirimi betonlashtirildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosida fermerlar faol ishtirok etmoqda. 2025 yilning yakuniga yetgan kuzgi mavsumida fermer xo‘jaliklari va paxtachilik-g‘allachilik klasterlariga qarashli dala chetlarida ihota daraxtzorlarni barpo qilish maqsadida 2 485,5 ming tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Bundan tashqari kengash tizimidagi hamda fermer xo‘jaliklarning dala chetlarida va ulardagi mavjud 11 ming tup mevali va manzarali daraxtlarning elektron pasportlari shakllantirildi.
O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi jamg‘arma hisobidan muzlatkichli omborxonalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 439 tashabbuskorning 64,8 milliard so‘mlik loyihalari shakllantirilgan. Bugungi kunda jamg‘arma tomonidan Pop tumanidagi “Davron” fermer xo‘jaligiga 1,5 milliard so‘m, Chust tumanidagi “Eko Drip Namangan” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratib berildi. Ayni vaqtda esa, 56 loyiha uchun 12,2 milliard so‘mlik tavsiyalar kengash tomonidan berilib, tijorat banklariga arizalar kiritilgan.
Aholi bandligini ta’minlash, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi ijrosini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratishda fermer xo‘jaliklari salmoqli sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilda viloyat bo‘yicha qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 49 ming 355 nafar fuqarolarning bandligini ta’minlash rejalashtirilib, yanvar-oktyabr oylarida 57 ming 951 kishi doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Bugungi kunning zamonaviy talablariga javob berayotgan, har bir yo‘nalishda peshqadam, hosildorlikda namuna bo‘layotgan fermer xo‘jaliklari munosib rag‘batlantirib kelinmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 26 iyundagi qaroriga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni hamda “Hosil bayrami” munosabati bilan poyoniga yetayotgan 2025 yil yakunlari bo‘yicha 155 nafar namanganlik fermer xo‘jaligi rahbari – “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni hamda O‘zbekiston Fermerlar Kengashi raisining tashakkurnomasi bilan mukofotlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.