Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerlar huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi
15:01 / 2021-06-04

Qishloq xo‘jaligi sohasini bugungi kunda fermerlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yer ilmini egallagan, dehqonchilikda tajriba to‘plagan, muhimi, yerni ardoqlab, u bilan tillasha oladigan fermerlargina o‘z ishini davom ettirmoqda.

Chunki bir necha yil muqaddam fermer bo‘laman, degan odamlar ko‘p ediyu, natijaga erishganlar kam edi. bugungi kunga kelib esa sohada chinakam dehqon bo‘lgan fermerlar faoliyat yuritmoqda. Ularning jonkuyarligi, fidoyiligi sabab qishloq xo‘jaligi ekinlari unumdorligi, mahsuldorligi oshmoqda. Bu esa to‘kin bozorlarimiz, dasturxonlarimizda namoyon.

O‘tgan yilda yurtimizda olti yarim million tonnaga yaqin g‘alla, 3 million tonnadan ziyod paxta, 21 ming tonna pilla, 22 million tonna meva-sabzavot, ikki yarim million tonna go‘sht va 11 million tonnadan ziyod sut mahsulotlari yetishtirilgani dehqon fermerlarning mehnati samarasidir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlikni yanada oshirish, ilg‘or yondashuvlarni joriy etish eng muhim masalaga aylanmoqda.

Shuning uchun biz iqtisodiyotimizni, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, fermer, klaster hamda kooperatsiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga har doimgidan ham ko‘proq ahamiyat bermoqdamiz.

Darhaqiqat, sohaga qaratilayotgan e’tibor, qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga bozor mexanizmlari, jumladan, agroklaster tizimining joriy etilgani qisqa fursatda o‘zining ijobiy samarasini bera boshladi.

Hozirgi kunda aksariyat fermer xo‘jaliklari ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarga aylantirildi. Buning natijasida qariyb 37 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlangan.

Aytib o‘tish kerakki, hech bir sohada ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni amaliyotda qo‘llamasdan turib, taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Bu esa keng va zamonaviy bilimga ega kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish kabi dolzarb vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda.

Shu maqsadda agrar sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini tubdan oshirish, taraqqiy etgan davlatlarning nufuzli ta’lim dargohlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, urug‘chilik, naslchilik va veterinariya yo‘nalishidagi ilmiy muassasalar faoliyatini takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

2020-2021 o‘quv yilidan boshlab mavjud qishloq xo‘jaligi oliygohlari bilan bir qatorda, Guliston, Buxoro, Qarshi, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Urganch davlat universitetlarida agrar soha mutaxassislarini tayyorlash uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari ajratildi.

O‘tgan yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga yo‘naltirilgan 677 milliard so‘mlik 80 ga yaqin loyiha, 1 trillion 240 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘lari asosida 12 ta agrologistika markazi ishga tushirilib, qariyb uch yarim ming yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, paxtachilik klasterlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik tarmoqlarida hamda zamonaviy issiqxonalarning barpo etilishi natijasida 14 mingga yaqin aholi ish bilan ta’minlandi.

Ayni paytda chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, zotdor chorva mollarini ko‘paytirish, ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, ushbu sohaga davlat tomonidan subsidiyalar ajratib berish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, sohada o‘ziga yarasha muammolar uchrashi tabiiy hol. Fermerlar huquqlari buzilishi, ular bank va boshqa tashkilotlarda ishlarini vaqtida bitira olmasligi kabi holatlar yo‘q emas.

Aynan shu kabi muammolarga barham berish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan «Fermerga madad» huquqiy aksiyasi boshlandi. Aksiya doirasida adliya xodimlari bilan birga barcha huquqshunoslar ham fermerlarga ko‘mak berishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Joriy yil oxiriga qadar davom etadigan aksiyada maxsus ishchi guruhlar barcha hududlarda fermerlarning muammolarini o‘rganib, ularni hal qilish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘radi.

Fermer xo‘jaliklarining tashkiliy-huquqiy, ishlab chiqarish va xo‘jalik, shartnomaviy-huquqiy va mehnat munosabatlari, yer sohasi, ma’muriy-boshqaruv, bank, moliya va soliq yo‘nalishlarida qonunchilik xatlovidan o‘tkazishda esa Toshkent davlat yuridik universiteti olimlari ham faol ishtirok etadi. Sohani isloh qilish bo‘yicha takliflarimizni beramiz.

Matluba Mirzaabdullayeva, huquqshunos