Toshkentda “Fermer xo‘jaliklarida ko‘p tarmoqli faoliyatni rivojlantirish muammolari va vazifalari” mavzusiga bag‘ishlangan amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda respublikamizdagi ilg‘or fermerlar va ularning vakillari, deputatlar, Fermerlar kengashining rahbar va xodimlari hamda OAV ishtirok etishdi.
Tadbir dastlabki qismida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan faol fermerlarning erishgan yutuqlari yuksak baholandi va Fermerlar kengashining “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
So‘ng konferensiyaning asosiy qismiga o‘tildi va ilg‘or tajribalar, erishilgan yutuqlar hamda oldinda turgan vazifalar muhokama qilinib, so‘nggi yillarda fermerlar huquqlarini himoya qilish, imtiyozli kredit va soliq yengilliklari berish, kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam huquqiy asoslar yaratilayotgani qayd etildi.
Qayd etilishicha, Fermerlar Kengashi yuridik ko‘mak orqali 4 400 ta da’vo arizasini sudlarga kiritib, ularning 3 152 tasi bo‘yicha qaror chiqarilishiga erishilgan. Natijada 517,9 milliard so‘m mablag‘ fermerlar foydasiga undirilgan. Bundan tashqari, “Agrosubsidiya” tizimi orqali 242,6 mlrd so‘m subsidiyalar ajratilib, zamonaviy sug‘orish tizimlari va texnika xaridiga yo‘naltirilgan.
Tadbirda shuningdek, global iqlim o‘zgarishi, yer va suv resurslarining qisqarishi kabi dolzarb muammolar muhokama qilindi. Mazkur mavjud muammolarga qaramay, fermer va dehqonlarning mashaqqatli mehnati tufayli joriy yilda 9 mln tonna don, 16 mln tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 5 mln tonna meva va uzum, 15 mln tonnadan ortiq go‘sht va sut yetishtirishga erishilgan.
“Yashil makon” loyihasi doirasida esa 24,8 mln dona mevali va manzarali ko‘chat ekilgan. Bu nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki yer unumdorligini oshiradi.
“Bugungi yig‘ilishda fermerlarning ko‘p tarmoqli faoliyat olib borishda duch kelayotgan muammolari muhokama qilindi. Ko‘p tarmoqli xo‘jalik bo‘lishning asosiy afzalligi shundaki, fermer yilning to‘rt faslida ham ishlab, turli ekinlardan daromad olishi mumkin. Hozirgi kunda Prezidentimiz tomonidan fermer va dehqonlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Masalan, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar haqida bugun yig‘ilishda ham ko‘p gapirildi.
O‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, xo‘jaligim uzumchilikka ixtisoslashgan. Parkent tumanining tog‘ oldi hududlarida, lalmi yerlarda uzum yetishtiraman. So‘nggi ikki yilda iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, bu yilgi anomal issiq havo hosildorlikka ta’sir ko‘rsatdi. Bunday sharoitda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bizga katta yordam berdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan har 10 gektar maydon uchun bitta artezian quduq qazishga ruxsat berilgani suv tanqisligi muammosini yengillashtirdi”, deydi “Zarkent Gavhari” fermer xo‘jaligi rahbari — Rizayeva Gavhar.
“Endilikda tomchilatib sug‘orish tizimining xarajatlari yarmigacha subsidiya asosida, qolgan qismi esa imtiyozli kredit hisobidan qoplanmoqda. Ilgari bunday sharoitlar yo‘q edi. Hozir fermerlar faqat bitta ekinga tayanmay, bir yilda ikki-uch marta ekin ekib, kamida bittasidan yaxshi hosil, boshqalaridan esa qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Bu — fermerlar foydasiga qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning amaliy natijasidir”, deydi yana u.
Konferensiya yakunida fermer xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish, huquqiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.
“Oq oltin” fermer xo‘jaligi rahbari — Muzaffar Mamadaliyev:
“Bu yil Xudoga shukr, 28,2 gektar maydonga bug‘doy ekdim. Har gektardan o‘rtacha 85 sentner hosil oldim. Natijada jami 90 tonna bug‘doy yetishtirib, 30 tonnasini davlatga topshirdim. Qolgan qismini o‘z xo‘jaligim ehtiyojlari uchun ishlatdim: suvchilarim, yer haydovchilarim, barcha xodimlarimga yetkazib berdim. Davlat rejasiga ko‘ra 30 sentner topshirish belgilangan edi, biz esa reja ortig‘ini bajardik”.
“Bugun meni “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashdi. Bu rag‘bat va e’tibor menga yanada kuchli motivatsiya beradi. Hozir xo‘jaligimda jami 41 gektar yer, 15 nafar yer haydovchi, 6 nafar suvchi va 1 nafar mexanizator ishlaydi.
Avvallari suv bilan bog‘liq muammolar bo‘lardi, lekin bu yil nasoslarimiz yaxshi ishladi. Bug‘doy yetishtirishda qiyinchilik kam, asosan paxtada ko‘proq nasosdan suv olishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, zamonaviy lazer tekislagich texnologiyasidan foydalandik, bu juda yaxshi natija berdi. Ilgari yerlarning notekisligi sababli sug‘orishda muammo bo‘lardi, endi esa suv teng tarqalib, hosildorlik oshdi”.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston fermerlari shu tariqa bugun mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq hayotining barqaror kelajagi yo‘lida asosiy tayanch kuchiga aylanmoqda. Ularning mashaqqatli mehnatlari va davlat ko‘magining uyg‘unligi — dalalarda mo‘l-ko‘l hosilni, dasturxonlarimizning esa to‘kinligini ta’minlaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/5PFgpV60p4o?si=tQZZLwsaH2O9mS4S" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA