Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining 10 foizini xotin-qizlar boshqarmoqda.
Demak, fermer ayollar sonini ko‘paytirish, malakasini oshirish, ular rahbarligidagi xo‘jaliklarni rivojlantirishda innovatsion yondashuvlardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan fermer ayollar III forumida shu haqda so‘z bordi.
Ushbu loyiha meva-sabzavotchilik sektori mahsuldorligi va rentabelligini oshirish, urug‘chilik va o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi ilmiy salohiyatni modernizatsiya qilish, mahsulot sifatining xalqaro standartlarini joriy etish borasida muhim ahamiyatga ega.
Uchinchi bor o‘tkazilayotgan fermer ayollar forumi qishloq xo‘jaligida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalaridagi muammolar yechimi va istiqbolli vazifalarni belgilab berdi. Tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan 100 dan ortiq fermer va dehqon xo‘jaligini yurituvchi xotin-qizlar, vazirlik va idoralar, ilmiy doiralar va agrobiznes vakillari ishtirok etdi.
[gallery-1175]
Ayni vaqtda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bilan hamkorlikda fermer ayollar va dehqon xo‘jaligi egalarini o‘qitish va ularga maslahatlar berish orqali tadbirkorlik faoliyatlarini rivojlantirish ishlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, Assotsiatsiya mahalliy biznes trenerlar yordamida meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanayotgan ayollar, tomorqada band bo‘lgan xotin-qizlarga intensiv bog‘ yaratish sirlarini o‘rgatdi. Buning uchun 26 nafar mahalliy trener Toshkent shahrida bog‘dorchilik va moliya sohasi mutaxassislari yordamida maxsus kurslarni o‘tadi.
Ular 2 yil davomida yurtimizning barcha hududlarida 100 dan ortiq seminar-trening o‘tab, 2 ming nafardan ortiq meva-sabzavotchilik bilan shug‘ullanayotgan fermer ayollarga tadbirkorlik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirish sirlarini o‘rgatdi. Mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shaxsiy biznesni samarali boshqarish uchun kerak bo‘lgan qo‘shimcha ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan 3 mingga yaqin maslahat tadbirlari o‘tkazildi.
Forumda ishtirokchilarning tadbirkorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligiga ilm-fanning so‘nggi yutuqlari va yuqori texnologiyalarni olib kirish va tatbiq qilish, fermer ayollar ish tashkil etishlariga innovatsion yondashuv masalalari muhokama etildi.
Forum doirasida mulkdor xotin-qizlar yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zA