French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermer xo‘jaliklari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda
14:02 / 2025-05-22

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda.

Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 iyundagi O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi “Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Jamg‘armaning asosiy faoliyat va yo‘nalishlari belgilab berilgan.  

Bugungi kunda Jamg‘arma tomonidan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi kooperativlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bundan tashqari, kredit resurslaridan foydalanishni kengaytirish, sohada innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yangi samarali texnologiyalarni joriy qilishga ham ko‘maklashilmoqda.    

Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari fermer xo‘jaliklari va ular bilan hamkorlikda ishlaydigan dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga:

bog‘dorchilik va uzumchilik tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda asbob-uskunalarini xarid qilish, ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar  qurish, ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish, agrologistika markazlarini tashkil etish, “in-vitro” va boshqa laboratoriyalar, sovitish omborxonalarini tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha (bunda kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada – 17,5%);

chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, agroturizm loyihalari, suv chiqarish uchun tejamkor nasos agregatlari xarid qilish, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida quyosh panellarini o‘rnatish, artezian quduqlarini qazish, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini o‘rnatish va dala do‘konlarini qurish uchun  

1 yilgacha imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish, xalqaro sertifikatlar olish, “o‘simliklar klinikasi” faoliyati hamda qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlari uchun aylanma mablag‘larga talabgorlarga  6 oy imtiyozli davr bilan 18 oy muddatga (bunda kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasida – 13,5%) kreditlar ajratilib kelinmoqda.

2024 yil davomida Jamg‘arma tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari hamda “Tomorqa xizmati” MCHJlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlash uchun jami 493,6 milliard so‘m pul mablag‘lari ajratilgan. Shundan 395,6 milliard so‘mi tomorqa yer egalariga, 5,5 milliard so‘mi fermer, dehqon xo‘jaliklari, ishlab chiqarish kooperativlari, oilaviy korxona va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga, 36,6 milliard so‘mi “Tomorqa xizmati”  va boshqa mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga (MCHJlarga) kredit va ustav fondiga ulush sifatida, 49,4 milliard so‘mi artezian quduqlar uchun subsidiya mablag‘lariga ajratilgan.

Ushbu ko‘rsatkichlar joriy yilda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga 11 milliard 512 million so‘m imtiyozli kredit, “Tomorqa xizmati” MCHJlarga ulush sifatida ustav fondlariga 300 million so‘m mablag‘, Xitoy usulida qurilgan ixcham issiqxona, minitraktor va texnikalarni lizing asosida olish istagidagi talabgorlarga 2 milliard 300 million so‘m lizing va suv resurslari kam bo‘lgan hududlarda artezian quduqlar qazish uchun 19 milliard 974 million so‘m subsidiya ajratilgan.

Albatta, maqsadimiz yurtimizda fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va bu orqali xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdir.

Salohiddin Usmonov,

Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassisi.

O‘zA