Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi “Saidakbar” fermer xo‘jaligi davlat buyurtmasi bo‘yicha paxta topshirish rejasini tumanda birinchilardan bo‘lib ortig‘i bilan bajardi. Xo‘jalikka qarashli 53 gektar maydonning har gektaridan o‘rtacha 55 sentnerdan hosil olindi.
– Biz bu natijaga, asosan, xorijdan keltirilgan paxta navini 76x10 sxema asosida ekish orqali erishdik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Valijon Turdiyev. – Ekinlar qo‘shqator usulida ekilib, sug‘orish va oziqlantirish ishlari metodik qo‘llanmalar asosida amalga oshirildi. Shu tufayli har gektardan 35–40 sentner emas, balki 54–55 sentnerdan hosil olishga muvaffaq bo‘ldik.

Muhimi, bu natijaga nafaqat mexanizatsiya yordamida, balki jamoa mehnati hisobiga erishildi. Terim jarayonlarida paxta terim kombaynlari bilan bir qatorda hasharchilar ham faol qatnashdi. Chigit yerga qadalgan ilk kunlardanoq mehnat qilgan suvchi, agronom va mexanizatorlarning hissasi ham katta bo‘ldi.

Natijada fermer xo‘jaligiga tegishli 53 gektar yer maydonidan 269 tonnadan ziyod “oq oltin” xirmoni bunyod etildi. Eng muhimi, yog‘in-sochin mavsumiga qoldirilmay, bo‘liq holda ochilgan paxtalar o‘z vaqtida yig‘ib-terib olindi. Terim pullari o‘z vaqtida to‘lanib, peshqadam ishchilar rag‘batlantirildi.

Reja bajarilishi munosabati bilan xo‘jalik dala maydonida mehnatkashlar uchun hosil bayrami tashkil etildi. Tadbirda chigit ekishdan to hosilga qadar mehnat qilgan barcha ishchi-xizmatchilar ishtirok etdi. Doshqozonlarda osh damlandi, dasturxon yozildi, odamlar yuzini quvonch, dillarini faxr tuyg‘ulari egalladi.
Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xonanda Dilshod Rahmonov boshchiligidagi san’atkorlar ijro etgan diltortar kuy-qo‘shiqlar terimchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

– Hali dalada hosil mo‘l, – deydi Valijon Turdiyev. – Uni yog‘ingarchilik kunlariga qoldirmay yig‘ib-terib, rejani yanada oshirish niyatimiz bor. Olingan foyda hisobidan nafaqat xo‘jalik ishchilari, balki peshqadam terimchilarni ham munosib rag‘batlantirishni rejalashtirganmiz.
G‘ulom Primov, O‘zA