Qishloq xo‘jaligi vazirligida tizim tashkilotlari rahbarlari, Soliq qo‘mitasi mutasaddilari, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmalari boshliqlari, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi a’zolari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning "Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni doirasida qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, mazkur farmon loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026–2027 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy tovar aylanmasini kamida uch baravar oshirish ekani ta’kidlandi. Shu maqsadda 2026 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan paxta va g‘alladan tashqari mahsulotlar realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi joriy etiladi.

Bu endilikda fermer va dehqonlar uchun katta qulaylik yaratib, ular ishlab topgan daromadlarini rasmiylashtirishdan cho‘chimay, erkin savdo qilishlari uchun zamin yaratadi. Shu bilan birga, to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi 3 kun ichida avtomatlashtirilgan tartibda qaytarilishi belgilangan. Bu tizimning shaffofligini oshiradi va tadbirkorlar vaqtini tejaydi.
Shu tariqa, yaqin yillarda qishloq xo‘jaligida yashirin tovar aylanmasi kamayishi, rasmiy iqtisodiyot esa barqaror o‘sishi kutilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA