Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi “Ummon baliq” fermer xo‘jaligi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Bahrom Otaboyevning hududdagi 2-umumta’lim hamda 4-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Ichki bozorni baliq va baliq mahsulotlari bilan ta’minlashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan xo‘jalik 2003 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirgi kundagi jami yer maydoni 117 gektarni tashkil etadi. Bu yerda intensiv usulda va yopiq aylanma suv tizimida baliq yetishtirish kompleksi barpo qilingan.
– Hayotda nimagadir erishish uchun insonda avvalo, maqsad va harakat bo‘lishi kerak, - deydi xo‘jalik rahbari Bahrom Otaboyev. – Ana shu maqsad har qanday insonni taraqqiyotga eltadi. Ro‘zg‘or tebratish uchun gektar-gektar yerda qandaydir tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki katta-katta korxonalarni yuritish shart emas, balki, bir qarich yerdan ham unumli foydalanib, farovonlikka erishsa bo‘ladi.
Samimiy suhbat davomida fermer baliqchilikka bolalikdan bo‘lgan qiziqishi, shijoati va intilishi ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishga undaganini alohida ta’kidladi.
[gallery-13745]
Uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldi.
Kelgusida o‘quvchilar ishtirokida “Ummon baliq” fermer xo‘jaligiga sayohat uyushtirilishi haqida kelishib olindi.
Behzodbek Saidov (surat), O‘zA