Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermer Odinaxon Andijonning eng ishbilarmon ayoli
07:52 / 2024-10-25

Andijon shahridagi monomarkazda “Ishbilarmon ayol – 2024” ko‘rik-tanlovining respublika-hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovning ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova, Umidaxon Zokirova, partiya viloyat Kengashi raisi O‘ktamjon Axunov va boshqalar Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, siyosiy jarayonlar mazmun-mohiyatini targ‘ib etib kelayotganini ta’kidladi. Shuningdek, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, kichik va xususiy biznesni rivojlanishida faol ishtirok etayotgan tadbirkor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi faol ishtirokini rag‘batlantirish, zamonaviy tadbirkor ayol qiyofasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi, ko‘plab tadbirkor xotin-qizlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilayotganligini qayd etib, tanlov ishtirokchilariga omad tilashdi.  

Mamlakatimizdagi muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlar oldidan O‘zLiDePning “Va’da emas natija, ertaga emas bugun”, “Erkin va farovon, qudratli yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiorlari ostidagi saylovoldi targ‘ibot tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar ishbilarmon ayol ishtirok etdi.  

Ko‘rik-tanlov doirasida viloyatda faoliyat yuritayotgan hunarmand, fermer va tadbirkor ayollar rahbarligida ishlab chiqarilayotgan, tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.  

Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov ishtirokchilarining faoliyati bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqildi. Baholash jarayonida ularning yangi ish o‘rinlari yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyati, ishlovchilar, ayniqsa, ijtimoiy muhofazaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.  

Yakuniy natijalarga ko‘ra, belgilangan shartlar asosida eng yuqori baho olgan Asaka tumanidagi “Mo‘ydinova Odinaxon” fermer xo‘jaligi rahbari Odinaxon Mo‘ydinova g‘olib deb topildi.  

– Men kabi ko‘plab tadbirkor, fermer opa-singillarimizga rag‘bat berayotgan ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganligimdan behad mamnunman, – deydi tanlov g‘olibasi O.Mo‘ydinova. – Ko‘p tarmoqli xo‘jaligimizda asosan ayollar mehnat qiladi. Faoliyatimda hududimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizga ko‘maklashish, ularni doimiy daromad manbaini shakllantirishga alohida e’tibor qarataman. Bu erishayotgan yutuqlarimizda muhim omil bo‘lmoqda.    

[gallery-19971]

Tanlovda ikkinchi o‘rin Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘hna vodiy gavhari” fermer xo‘jaligi rahbari Umidaxon Egamovaga, uchinchi o‘rin esa Buloqboshi tumanidagi “Shirmonbuloq faxri” fermer xo‘jaligi rahbari Muborakxon Isroilovaga  nasib etdi.  

G‘oliblar turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari