Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida faoliyat yuritayotgan “B-S” fermer xo‘jaligi rahbari yetishtirilgan paxta mahsuloti uchun belgilangan subsidiya mablag‘lari to‘lab berilmayotgani yuzasidan Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, 2025 yil paxta hosilini o‘z vaqtida va nobud qilmasdan terib olishni ta’minlash maqsadida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali fermer xo‘jaliklariga birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1 million so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 dekabrdagi 771-son qarori bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizomda mazkur subsidiyalarni ajratish tartibi aniq belgilab berilgan.
Murojaat Biznes-ombudsman tomonidan qonuniy tartibda o‘rganilib, tegishli tashkilotlarga kiritilgan talablar asosida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan “B-S” fermer xo‘jaligiga jami 137 million 89 ming so‘m subsidiya mablag‘lari to‘lab berilishi ta’minlandi.
Bu holat tadbirkor va fermerlarning huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasining yaqqol namunasi bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri