English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermer kuni: muammolar, tahlillar va rejalar
16:24 / 2025-12-06

Toshkent viloyatida haftaning shanba kuni  “Fermerlar kuni” sifatida belgilangan. Shu tufayli qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida islohotlar va joriy vazifalarning borishi bevosita yerdan foydalanuvchilar va mutasaddilarning yuzma-yuz muloqotlari orqali chuqur tahlil etib boriladi.

Navbatdagi kengaytirilgan  muloqot Parkent tumanida o‘tkazildi. Asosiy e’tibor uzumchilik,  meva-sabzavot,  kartoshkachilik va chorvachilik tarmoqlari tahliliga yo‘naltirildi. 

Muloqotda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligidagi soha mutasaddilari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, soliq, bank-moliya tizimi mutasaddilari, tuman mas’ullari, fermerlar, shuningdek, hududiy studiyalardan meva-sabzavotlik yo‘nalishidagi tumanlarning soha vakillari ishtirok etdi.

Muloqotda viloyat hokimi maxsus  ishchi guruh tomonidan Parkent tumanida o‘tkazilgan keng ko‘lamli o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, tahliliy-tanqidiy ma’ruza qildi. 

O‘rganishlarga ko‘ra, mazkur tumanda qishloq xo‘jaligi boshqaruvi yillar davomida asta-sekin izdan chiqib bormoqda,  hisobotlarni soxtalashtirish,  yerlardan foydalanishda o‘zboshimchalik ildiz otmoqda,  ijro nazorati sust.  Aksar xo‘jaliklar mablag‘ni bank hisob-raqamlarida emas, obrazli aytganda, sandiqda yo “gilam  ostida” aylantirishmoqda. Fermerlar va davlat idoralari o‘rtasida bog‘lanish uzilgan, fermerlarning qariyb 80 foizi  sohaga doir qarorlar, tatbiq etilayotgan yangiliklar, islohotlar mohiyatini to‘la anglab yetmagan.  Masalan, tumanda 10,5 ming gektar uzumzor mavjud, shundan 5,7 ming gektari hosilli. Joriy yil  71,6 ming tonna uzum yetishtirilishi reja qilinganiga qaramay,  amalda bor-yo‘g‘i 26,4 ming tonna(37 foiz)ni tashkil etmoqda.  Eng yomoni, so‘nggi uch yildagi ko‘rsatkichlar bu holat surunkali tus olayotganini ko‘rsatadi. 

Buning asl sababi hosil kamligida emas, o‘zboshimchalik  va xo‘jasizlik oqibati ekani aniq raqam va misollar orqali ochib berildi. Bundan tashqari, 45 ming tonna uzum naqd pulda sotilib, hisobotlardan yashirilgan, natijada tuman byudjeti kamida 10 milliard so‘m soliqdan mahrum bo‘lgan.

Ko‘plab fermer xo‘jaliklari rasmiy ish haqi to‘lamaydi, eksport qilmaydi va hisobot taqdim etmaydi. Yig‘ilishda bunday xo‘jaliklar faoliyatiga doir o‘nlab misollar keltirildi. 

Tumanda kartoshka yetishtirish oxirgi ikki yilda keskin qisqarib ketgan, pomidor hosilini ham “yashirish” avjida. Holbuki, bozorlar  Parkent pomidoriga to‘la.  Amalda 9 ming tonna mahsulot yetishtirilgan, lekin, hisobotlarda faqat 361 tonnasi ko‘rsatilgan, xolos.  

Eksport va qayta ishlash korxonalari bilan shartnomalar tuzilmagan,  savdo asosan naqd pulda amalga oshirilgan. 20 ta yerdan foydalanuvchi tomonidan 22 ta konturda 0,6 gektar yer noqonuniy egallab olingan, 0,33 gektarida noqonuniy qurilishlar barpo etilgan.

Bog‘ va dalalarni suv tejovchi texnologiyalar bilan ta’minlash ishlari ham o‘z holida qolib kelmoqda.  “Aqlli suv” qurilmalarining 3 tasi ishlamaydi. Suvdan noqonuniy foydalanish hollari ko‘paymoqda. Irrigatsiya tizimlarining katta qismi tozalanmagan, betonlash ishlari rejasi 14-15 foizga bajarilgan, xolos.

Tumanda 1 ming 428 ta xo‘jalik uchun zarur texnikalarning 80 foizi yo‘q. Bog‘ va tok qator oralariga ishlov berish uchun 3 mingdan ortiq mini traktorga ehtiyoj bo‘lsa-da, oxirgi 5 yilda texnikalar xaridi deyarli amalga oshirilmagan.

Qishloq xo‘jaligi eksporti bo‘yicha ham parkentlik fermerlarda yaxshi tashabbuslar, amaliy natijalar ko‘rinmayapti. Tekshiruv natijalari tumanda shoshilinch choralar ko‘rishni,  qat’iy nazorat va faoliyatsiz xo‘jaliklarni qayta tashkil etish zarurligini taqozo etadi. Shu bois, viloyat hokimi vaziyatni qisqa fursatda o‘nglash, yaqin istiqbolda Parkentning agrar sohadagi dovrug‘ini tiklash bo‘yicha mutasaddilarga qator topshiriqlar, tavsiya va maslahatlar berdi. 

Muloqotda xo‘jalik rahbarlariga ham so‘z berilib, mavjud vaziyatga izoh so‘raldi, muammo va masalalar bo‘lsa, ularga har taraflama ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruhga vazifalar yuklandi.

A.Musayev, O‘zA.