Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermer bilan murosa qilinmagani hokimlikka qimmatga tushdi
14:06 / 2021-01-20

Murosai madora. Azaldan o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan ushbu jumla milliy qonunchiligimizda ham o‘z aksini topgan. Qonun va qarorlarimizdagi “Kelishuv bitimi, mediativ kelishuv, yarashish” kabi tushunchalar shular jumlasidandir. Uning afzalligi shundaki, har qanday nizo va qarama-qarshiliklarni qisqa muddat ichida ortiqcha sarf-harajatlarsiz bartaraf etish imkonini beradi.

Biznes-ombudsman devoniga Chiroqchi tumanida faoliyat yurituvchi “Ilg‘or” fermer xo‘jaligi (fermer xo‘jaligining nomi o‘zgartirilgan) qabul qilingan sud qaroridan norozi bo‘lib murojaat qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Chiroqchi tuman hokimining 2020 yil 8 apreldagi HQ-712/04-son qarori bilan “Ilg‘or” fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi bir taraflama bekor qilingan.

Mazkur holat yuzasidan fermer xo‘jaligining murojaatlari hokimlik mutasaddilari tomonidan ijobiy qanoatlantirilmaganligi sababli, “Ilg‘or” fermer xo‘jaligi tuman hokimi qarori yuzasidan tuman ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Amaldagi qonun hujjatlari talabiga muvofiq ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi. Shunga qaramasdan, birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyasi qarorlari bilan “Ilg‘or” fermer xo‘jaligining tuman hokimining 2020 yil 8 apreldagi HQ-712/04-son qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi arizasi rad qilingan.

Holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan fermer xo‘jaligi manfaatida 2020 yil 23 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibida shikoyat kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2020 yil 16 dekabrdagi qarori nazorat shikoyati qanoatlantirilib, Chiroqchi tuman hokimining fermer xo‘jaligi manfaatiga zid tarzda chiqarilgan qarori haqiqiy emas, deb topildi. Shuningdek, sudning hal qiluv qarori bilan Chiroqchi tuman hokimligidan 12 million 842 ming 770 so‘m davlat boji, “Ilg‘or” fermer xo‘jaligi foydasiga 572 ming 840 so‘m sud harajatlarini undirish belgilandi.  

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘z vaqtida qilinmagan murosa hokimlikka muayyan harajatga tushadigan bo‘ldi.

 

O‘.BAROTOV, O‘zA