O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov Yevropa iste’molchilar markazi tarmog‘ining (YeIMT) Buyuk Britaniyadagi tashkiloti rahbariyati bilan videokonferensiya formatida muzokara o‘tkazdi.
Buyuk Britaniya tomonining tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu muloqot chog‘ida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan YeIMTning Buyuk Britaniyadagi tashkiloti o‘rtasida manfaatli aloqalarini yo‘lga qo‘yish, jumladan, bir-biri iste’molchilarining transchegaraviy murojaat va shikoyatlarini hal etish hamda huquqini himoya qilish borasida o‘zaro hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Federatsiya raisi kelasi yil may oyida Consumer International bilan hamkorlikda Xorazm viloyatining Urganch va Xiva shaharlarida turizm sohasida iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha “Sayyoh-2021” xalqaro forumini o‘tkazishni rejalashtirayotganini so‘zlab berdi hamda ushbu tadbirga YeIMTning Buyuk Britaniyadagi bo‘limi ekspertlarini ham taklif etdi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga hamda iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘plab masalalar yuzasidan hamkorlik qilishga doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Qayd etish joizki, 2005 yilda tashkil topgan YeIMT Yevropa Ittifoqiga a’zo 28 ta mamlakat, yana Islandiya va Norvegiyadagi jami 30 ta iste’molchilar tashkilotini birlashtiradi. Tarmoq iste’molchilarning transchegaraviy bahslarini hal etishda bepul va konfidensial ma’lumotlar va maslahat beradi. Tashkilot bahslarni do‘stona hal etish yo‘lida hamkorlik qiladi.