French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fazo sari yo‘l — "O‘zbekkosmos" faoliyatiga nazar
11:21 / 2025-04-11

12 aprel —"Xalqaro kosmonavtika kuni"

O‘zA muxbiri 12 aprel — "Xalqaro kosmonavtika kuni" arafasida "O‘zbekkosmos" agentligi tomonidan amalga oshirilib kelayotgan ishlar ko‘lami bilan qiziqdi.

O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida "O‘zbekkosmos" nomi ostida kosmik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi tashkilot tashkil etilgan. Ammo 2002 yilga kelib mazkur agentlik tugatilgan. 
 

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan O‘zbekiston iqtisodiyotning turli sohalarida innovatsion kosmik texnologiyalardan foydalanish orqali mavjud ilmiy-texnik salohiyatni samarali amalga oshirish maqsadida 2019 yilning 30 avgust kuni "O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida" gi farmoni imzolandi va unga muvofiq Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashkil etildi.

12 aprel — "Xalqaro kosmonavtika kuni" arafasida mazkur agentlik tomonidan amalga oshirilib kelayotgan ishlar ko‘lami bilan qiziqdik. Suhbatdoshimiz "O‘zbekkosmos" agentligi kosmik sohada ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar tasviri bo‘lim boshlig‘i Ismoil Rasulov.

— Bugungi kunda jahon bozorida kosmik sohaning iqtisodiy ulushi qanday yoki qancha? 

— Bugun hayotimizni zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Dunyo raqamlashar ekan, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ham eng so‘nggi yechimlarni talab etmoqda. Yangi avlod gadjetlari, sun’iy intellekt va dijital navigatsiyalar taraqqiy etgani sari, fazodan foydalanish ehtiyoji yanada ortib bormoqda. Aqlli shahar, aqlli uy, robotlashgan dasturlar kabi unikal konsepsiyalar mazkur yo‘nalish insoniyat kelajagi uchun muhim ekanligini ko‘rsatadi. Xususan, bugunga kelib jahon bozorida kosmik sohaning iqtisodiy ulushi 500 mlrd. dollardan oshib, tahlilchilar bu raqam 2030 yilga borib 1 trln. dollarga, 2035 yilda esa 2 trln. dollargacha yetishi mumkin deya taxmin qilishyapti. 

Bu asosan xususiy tarmoqlar orqali tijoriy ko‘rinishda davlatlar iqtisodiyotining asosiy o‘sish nuqtasi sifatida xizmat qilmoqda. AQSH, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi bu borada o‘zlarining yangi loyihalari bilan ishtirok etishmoqda. Hattoki, aloqa va internet uchun sun’iy yo‘ldoshlar uchirish, kosmos va sayyoralarni o‘rganish, kosmik turizmni yo‘lga qo‘yish borasida ham xususiy tarmoqdagi kompaniyalar juda faol ishlarni olib bormoqda. Mana masalan ayni vaqtda yer orbitasida taxminan 13 mingga yaqin sun’iy yo‘ldoshlar mavjud bo‘lsa, shulardan 5 mingdan ortig‘i tijoriy kosmik kompaniyalarning hissasiga to‘g‘ri keladi. Kosmos iqtisodiyotning barcha sohalarida ta’siri ortib bormoqda.

— Xorij tajribasidan kelib chiqqan xolda "O‘zbekkosmos" agentligi qanday ishlarni amalga oshiryapti?

— Yuqoridagi tendensiyalardan kelib chiqqan holda agentligimiz kosmosdan yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini qo‘llagan holda davlat organlariga masalalarni hal etish samaradorligini oshirish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish kabi ko‘plab yo‘nalishda ishlarni olib bormoqda. Xususan, kosmik monitoring ishlarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali ijtimoiy-iqtisodiy, ilm-fan, mudofaa va xavfsizlik sohalarida kosmik faoliyat natijalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Agentlik tizimida "Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi" tashkil etildi. Bugungi kunda agentlik tomonidan Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Yer munosabatlari (Kadastr), 
O‘rmon xo‘jaligi, Ekologiya va Geologiya sohalarida Davlat kosmik monitoringini amalga oshirib kelmoqda. Buning natijasida 2024 yilning o‘zida Respublika bo‘yicha 100 mingdan ortiq ehtimoli yuqori bo‘lgan qonunbuzilish holatlarni aniqladi.

— Dunyodagi qaysi kosmik agentliklar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan?

— Bugungi kunda "O‘zbekkosmos" agentligi dunyoning yetakchi kosmik agentliklari va kompaniyalari bilan tajriba, ilg‘or texnologiyalar va bilim almashish yo‘lida hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va Ijtimoiy Komissiyasi Hukumatlararo Maslahat qo‘mitasining Barqaror rivojlanish uchun kosmik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy dasturi, Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti, va MDH Davlatlararo kosmik kengashi. 

Qolaversa, "O‘zbekkosmos" agentligi Airbus (Fransiya), Maxar (AQSH), SpaceX (AQSH), OneWeb (Buyuk Britaniya), SSI Monaco (Monako), Synspective (Yaponiya), Esri (AQSH), BlackSky (AQSH), SpaceBuzz (AQSH) va boshqalar kabi dunyodagi yetakchi kosmik kompaniyalar bilan hamda Ozarbayjon (Azercosmos), Turkiya (TUA), Birlashgan Arab Amirliklari (BAA kosmik agentligi), Qozog‘iston (Aerokosmik qo‘mita), Fransiya (CNES), AQSH (NASA), Pokiston (SUPARCO) Xitoy (CNSA), Isroil (ISA), Malayziya (MYSA), Tailand (NSTDA), Yaponiya (JAXA), Koreya (KARI) kabi davlatlarning kosmik agentliklari bilan ikki tomonlama hamkorlik qilib kelmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, cheksiz kosmosdan foydalanish insoniyat hayotining yanada rivojlanishi, yangidan yangi texnologiyalarning joriy etilishi va mavjud muammolar uchun yechim bo‘lishi mumkin.

Kosmos juda cheksiz ilmga va siru sinoatlarga ega. Biz hali uni juda ko‘p kashf qilishimiz kerak.

O‘zA muxbiri 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi.