Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Yevroosiyo mintaqasida birinchi “Space Technology Conference STC-2022” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari
O‘zA muxbiriga dastlabki taassurotlarini so‘zlab berishdi.
Serdar Huseyn Yildirim, Turkiya kosmik agentligi prezidenti:
- Betakror shahar – Toshkentda shunday nufuzli anjumanda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. O‘tgan yili «O‘zbekkosmos» agentligi rahbari Shuhrat Qodirov bilan uchrashib, birgalikda qay tarzda ish olib borish mumkinligini muhokama qilgandik.
bugungi tadbir o‘sha muzokaraning mantiqiy davomi bo‘ldi. Umuman, o‘zaro munosabatni yanada yaxshilashga harakat qilyapmiz. Koinot ilmini o‘rganishdagi hamkorlik yuqori natijalarga erishish imkonini beradi.
Abdulla Azizov, Olmaliq kon-metallurgiya konbinati raisi o‘rinbosari:
Qaysi davlat kosmonavtikaga ko‘proq ahamiyat qaratsa, o‘sha yurtda taraqqiyot tezlashadi, degan fikr anjumanda ko‘p bor takrorlandi. Darhaqiqat, bu sohada o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan narsalar ko‘p. Demak, fazo ilmini o‘rganish kelajak va rivojlanish uchun qo‘yilgan eng muhim qadamdir.
Ushbu konferensiyaga kelgan Turkiya, BAA, AQSH singari rivojlangan davlatlar mutaxassislari tajribasi mamlakatimiz mutaxassislari uchun juda foydali, deb o‘ylayman. «O‘zbekkosmos» agentligi 2019 yil tashkil topgan. O‘tgan qisqa vaqt ichida tizim samarali rivojlanish yo‘liga tushib oldi. Masalan, avvallari 10 metrgacha to‘g‘ri ma’lumot olingan bo‘lsa, hozir ushbu masofa 1 metrgacha qisqardi. Kelgusida bu masofani 30 santimetrga tushirish ustida ish olib borilmoqda.
Ma’lumki, qanchalik to‘g‘ri tasvirga olinsa, ma’lumot shu daraja aniq va to‘g‘ri bo‘ladi. Albatta, olinayotgan axborotni qayta ishlash ham juda muhim. «O‘zbekkosmos» va OKMK hamkorligida qazilma boyliklar ufqi aniqlanyapti, amalga oshirilgan qazib olish ishlari hajmi, yil davomida kechgan o‘zgarishlar haqida aniq ma’lumot to‘planyapti. Bundan tashqari noqonuniy qazib olingan joylarni aniqlashda ham kosmos sohasi keng qo‘llanyapti. Bu konchilar ishini ancha yengillashtiryapti.
Shu bilan birga, kosmos dronlaridan keng foydalangan holda konlarni o‘rganish, ob’ekt haqida ma’lumot yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, konlarni qazib olgandan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muayyan ekologik muammolarning oldini olishda ham kosmik tadqiqotlarning o‘rni katta. Jumladan, muammo haqida oldindan xabar berish, kosmos orqali yuqoridan olingan surat orqali ehtimoliy xatarlar oldini olish mumkin. Shuningdek, ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan turli zararli moddalar paydo bo‘lishini aniqlashda ham kosmos fanidan keng foydalanilmoqda.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.