Shu kunlarda “Tirik tarix” dasturi doirasida ustoz rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan tasvirga olinayotgan «Fayzulla Xo‘jayev» («Tegirmon») badiiy-publitsistik filmining tarixiy sahnalari tasvirga olinmoqda.
Filmning bosh qahramoni — Fayzulla Xo‘jayev obrazi uchun videosinovlar asosida tanlab olingan aktyorlar Sirojiddin Sattorov va Svyatoslav Klyuyev rol ijro etmoqda.

«Fayzulla Xo‘jayev» («Tegirmon») filmining yana bir muhim va hayajonli sahnasi tasvirga olindi. Ushbu epizodda Amir Olimxon buyrug‘ini bajarmagan Qushbegi va uning yordamchisi bilan bog‘liq voqealar katta dramatizm ostida namoyish etildi.
Sahna davomida alangalar va yong‘in effektlari qo‘llanildi. Jarayonda 60 nafar ommaviy sahna ishtirokchilari, 2 nafar asosiy aktyor, ularning yordamchilari, 4 nafar sarkarda obrazlari ishtirok etdi. Barcha xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilinib, suratga olish maydoniga o‘t o‘chirish mashinalari jalb etildi.

Mazkur ommaviy sahna “O‘zbekfilm” kinokonsernining ochiq pavilonida suratga olindi. Tarixiy ruh, kuchli dramatik sahnalar va professional jamoa mehnati — barchasi «Fayzulla Xo‘jayev» («Tegirmon») badiiy-publitsistik filmida mujassam.
Film tez kunda katta ekranlarda namoyish etiladi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri