Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fayzulla Shoismatov: “Ko‘rgazma doirasida bir qator yo‘nalishlarda ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda”
19:26 / 2023-05-18

Bugun poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU2023”, “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan – 2023” xalqaro ko‘rgazmalari mahalliy va xorijlik kompaniya vakillari hamda ishtirokchilarning katta e’tiborini tortmoqda.

Ayniqsa, barcha ishtirokchilar qatorida Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlar va korxonalar o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.

"Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining  o‘rinbosari Fayzulla Shoismatov ushbu tizimdagi korxonalarning ko‘rgazmalardagi ishtiroki xususida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Darhaqiqat, O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi doirasida ikkita xalqaro ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tmoqda, – dedi F. Shoismatov. – Ko‘rgazmalar stendlarida zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat materiallari, xomashyo va xizmatlar, jumladan, lokalizatsiyaga mo‘ljallangan namunalar namoyish etilmoqda. 

Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ham o‘z stendi bilan ishtirok etayapti. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan jami elektr energiyasining salkam 85 foizi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hissasiga to‘g‘ri keladi. Uning filiallari tomonidan o‘tgan 2022 yilda ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi hajmi 17,9 trillion so‘mni tashkil etib, reja ko‘rsatkichi 103,8 foizga bajarildi. 

Aksiyadorlik jamiyati aholi, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirishni o‘zining ustuvor vazifalaridan deb biladi. Shunga ko‘ra, energobloklarni doimiy modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy, energotejamkor va yuqori samarador texnologiyalarni joriy etish hamda bu orqali mahsulot tannarxini pasaytirish maqsadida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. 

[gallery-11934]

Birgina 2022 yilda investitsiya dasturiga asosan 6 ta loyiha doirasida 256,3 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, belgilangan yillik reja 111,9 foizni tashkil etdi. 

Hozirgi vaqtda investitsiya loyihalari doirasida Toshkent IEM filialida har birining quvvati 32 MVtga teng bo‘lgan ikkita gaz turbinasi qurilyapti.  “Tolimarjon IES” AJda quvvati 900 MVt dan kam bo‘lmagan ikkita bug‘-gaz hamda Navoiy IESda 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmalarini qurish bo‘yicha ham investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.   

“Issiqlik elektr stansiyalari” “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” ko‘rgazmasi doirasida ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy IT-ishlanmalarini amaliyotga keng tatbiq etish kabi bir nechta yo‘nalishlarda ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda. 

Muxtasar aytganda, uch kun davom etadigan forum tadbirlari an’anaviy tarzda ilg‘or texnologiya va uskunalar bilan tanishish, ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida tajriba almashish orqali soha rivojiga xizmat qiladi. Anjumanlar doirasida xorijiy va mahalliy kompaniyalar, xalqaro ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirokida sohaga oid dolzarb mavzular muhokama qilinadi. 

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.