English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faysal Aqif Misqal al-Fayoz: Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning butun islom olamiga qo‘shgan hissasining yorqin timsoli
18:33 / 2026-02-04

Shu kunlarda Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi parlamenti – Majlis al-A’yon Raisi Faysal Aqif Misqal al-Fayoz boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Yuqori martabali mehmon bugun poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu maskanda mujassam etilgan tarix, ilm-fan va zamonaviy innovatsiyalar uyg‘unligining yorqin namunasi bilan yaqindan tanishdi.

O‘zA muxbiri tashrif doirasida Faysal Aqif Misqal al-Fayozning markaz hamda O‘zbekiston – Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi. 

– Aytingchi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Bu juda ham hayratlanarli maskan. Aytishim mumkinki, men ko‘rgan muzeylar orasida eng yaxshilaridan biri. Markaz O‘zbekistonning qadim tarixidan tortib to bugungi kungacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Ekspozitsiyalar juda chiroyli, taqdimot yuqori darajada tashkil etilgan.

Ma’lumki, ko‘plab buyuk islom ulamolari aynan shu zamindan yetishib chiqqan. Bu bilan nafaqat yurtingiz, balki butun islom olami faxrlanadi. Ushbu ulug‘ allomalar Yevropada o‘rta asrlardagi Uyg‘onish davriga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, ilm-fan va ma’rifat uyg‘unligining yorqin namunasidir.

– Ma’lumki, mazkur markaz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan. Bu haqda qanday fikrdasiz?

– Albatta, bu tashabbus alohida e’tiborga loyiq. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu ulug‘vor majmuani barpo etish haqida ko‘rsatma bergani juda to‘g‘ri va oqilona qaror. Bu yerda nafaqat tarix, balki hozirgi Yangi O‘zbekistonning jadal rivoji ham namoyon etilgan.

Men shaxsan o‘lkangizdagi islohotlar va taraqqiyotni ko‘rib, juda katta taassurot oldim. Barcha sohalardagi rivojlanish iqtisodiyotdan tortib, ijtimoiy hayotgacha haqiqatan ham yuksak darajada. Aytish mumkinki, Prezident mamlakatni zamonaviy, samarali va ochiq davlat sifatida rivojlantirish yo‘lida juda yaxshi ish olib bormoqda.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar istiqbolini qanday baholaysiz?

– Bu munosabatlarni juda yuqori baholayman. Iordaniya Qiroli yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisining joriy yilda Iordaniyaga tashrifi rejalashtirilgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanayotganidan dalolat.

Biz siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish ustida ishlayapmiz. Ayniqsa, madaniy aloqalar muhim, chunki biz umumiy islomiy qadriyatlar va madaniyatga egamiz. Shu bois, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar kelgusida yanada mustahkamlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilishiga ishonaman.

Dilshod Hakimov suhbatlashdi.

Farxod Abdurasulov (surat), O‘zA