“Yadro tibbiyotning jahon bozori” hisoboti
Yadro tibbiyot bozori, radioizotoplarni ishlab chiqarish va qo‘llashni o‘z ichiga olgan holda, 2032 yilga kelib 12,99 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi (6,8 milliard dollar) hajmga nisbatan deyarli ikki baravar o‘sishi demakdir. Bu haqda “Verified Market Research” xalqaro tadqiqot kompaniyasi yaqinda taqdim etgan “Yadro tibbiyotning jahon bozori” hisobotida ma’lum qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bozorning asosiy rivojlanish omillari qatoriga onkologik va yurak-qon tomir kasalliklari sonining ortishi, yuqori aniqlikdagi tashxis va davolash usullariga talabning oshishi, shuningdek, innovatsion radiofarmatsevtik preparatlarning joriy etilishi kiradi.
Zamonaviy radioizotoplar faqat tashxis qo‘yish uchun emas, balki aniq yo‘naltirilgan (targetli) davolashda ham qo‘llanilmoqda. Bu esa faqat shikastlangan hujayralarga ta’sir qilish imkonini beradi. Tibbiyotda yadro texnologiyalarining rivojlanishi, raqamli vizualizatsiya va sun’iy intellektdan foydalanish yadro tibbiyotini jahon sog‘liqni saqlash sohasida eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda.
Mazkur tadqiqotda qayd etilganidek, soha oldida bir qator muammolar mavjud. Jihozlarning yuqori qiymati, tartibga soluvchi organlar tomonidan tasdiqlash jarayonlarining murakkabligi, shuningdek, ayrim asosiy izotoplarning – texnetsiy-99m va yod-131 kabilarning cheklanganligi bu jarayonda to‘siq bo‘lmoqda. Ushbu izotoplar faqat ma’lum miqdordagi yadro reaktorlarda ishlab chiqariladi va bu yetkazib berish zanjirini uzilishlarga nisbatan barqaror emasligini ko‘rsatadi.
Xalqaro bozorda yadro tibbiyotining o‘sish tendensiyalari
“Verified Market Research” tahlilchilariga ko‘ra, radioizotoplar bozoridagi yetakchilikni Shimoliy Amerika saqlab qoladi. Bu esa ushbu mintaqadagi rivojlangan infratuzilma va tadqiqot hamda ishlanmalarga (R&D) yo‘naltirilayotgan yuqori investitsiyalar bilan izohlanadi. Yevropa izotop ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirayotgan bir paytda, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda.
Izotop ishlab chiqaruvchi dunyodagi yetakchi beshta kompaniya qatoriga Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi ham kiradi. U jahonda keng qo‘llaniladigan izotop mahsulotlarining 90 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi turlarini yetkazib beradi.
Bunday sharoitda O‘zbekiston o‘zining jahon bozoridagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatiga ega. Shuning uchun texnologiyalarga o‘z vaqtida sarmoya kiritish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirok etish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston o‘zining jahon bozoridagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatiga ega
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston radioizotoplar bozorida ma’lum o‘rinni egallaydi va dunyoda yuqori sifatli yod-125 radioizotopini ishlab chiqarayotgan yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, talab yuqori bo‘lgan texnetsiy-99m izotopi ham mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda.
O‘zbekiston fanlar akademiyasi tarkibidagi Yadro fizika instituti (YAFI) huzurida faoliyat yuritayotgan VVR-SM tadqiqot reaktori asosida tibbiyot va sanoat sohalari uchun bir qator izotoplar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, YAFI qoshida tashkil etilgan “Radiopreparat” davlat korxonasi hozirgi kunda ichki va tashqi bozorlar uchun 40 dan ortiq turdagi radioizotoplar ishlab chiqarmoqda.
Radioizotoplar jahon bozorining o‘sishi O‘zbekiston uchun noyob imkoniyatlarni ochmoqda
O‘zbekiston radioizotoplar sohasida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun yetarli ilmiy salohiyat va asoslarga ega. Bugungi kunda bozorda yangi-yangi radioizotoplar paydo bo‘lmoqda va ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda
O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori o‘rinbosari Faxrulla Kungurovning fikriga ko‘ra, radioizotoplar bozorida o‘sish tendensiyalari kuzatilmoqda.
– Radioizotoplar sohasi bu o‘sib borayotgan ulkan bozor hisoblanadi. Jahon tendensiyalar va tahlillarga qarab aytish mumkinki, O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirsak, bozordagi ulushimizni kengaytirsak, bu faqat ilmiy salohiyatni rivojlantirish emas, balki yaxshi iqtisodiy samaraga erishish imkoniyati hamdir. Mamlakatimizda radioizotop ishlab chiqarishning o‘z tarixiga ega. Bizning reaktorimiz radioizotoplar ishlab chiqarish uchun 2 megavatt quvvatda ishga tushirilgan. 1970 yillarda reaktor 10 megavattgacha modernizatsiya qilindi va bu ishlab chiqarilayotgan izotoplar turini kengaytirish imkonini berdi. Bugungi kunda yod-125 izotopini ishlab chiqarish borasida O‘zbekiston dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallamoqda. Ushbu izotop jahon bozoridagi umumiy ulushning taxminan 60-80 foizini tashkil etadi. U o‘zining yuqori tozaligi bilan ajralib turadi, boshqa analoglariga nisbatan 10 ming marta toza va sifatli. Bundan tashqari, bu izotop tibbiyot sohasida yuqori talabga ega.
Shu ma’noda aytish kerakki, yurtimiz radioizotoplar sohasida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun yetarli ilmiy salohiyat va asoslarga ega. Bugungi kunda bozorda yangi-yangi radioizotoplar paydo bo‘lmoqda, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, jumladan, bizning institutimizda ham. Muhim vazifalardan biri esa ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va mahsulotni xalqaro miqyosda raqobatdosh qiladigan ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanishdir, –deya ta’kidladi F.Kungurov.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, radioizotoplar jahon bozorining o‘sishi O‘zbekiston uchun noyob imkoniyatlarni ochmoqda. Bu yo‘nalishda ilmiy maktabning mustahkam asoslari, amaldagi ishlab chiqarish infratuzilmasi va jahonda oshib borayotgan talabning o‘zaro uyg‘unligi mamlakatimizni yadro tibbiyot va yuqori texnologiyali eksport sohalarida yangi bosqichga olib chiqishda muhim turtkiga aylanishi mumkin.
Xulosa o‘rnida
Jahon yadro tibbiyoti bozori yaqin yillarda ikki baravar o‘sishi kutilmoqda. Bu jarayon global sog‘liqni saqlash sohasida yadro texnologiyalarining ahamiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston esa ilmiy maktabi, mavjud infratuzilmasi va yod-125 izotopi ishlab chiqarishdagi yetakchi o‘rni bilan ushbu bozorda o‘z salohiyatini namoyon etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanish va xalqaro yetkazib berish zanjirlarida faol ishtirok etish mamlakat uchun nafaqat ilmiy, balki iqtisodiy samara ham berishi mumkin. Shu bois, O‘zbekistonning yadro tibbiyoti va yuqori texnologiyali eksport sohasida yangi bosqichga qadam qo‘yishi tabiiy jarayon sifatida baholanmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA