English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faxriyor TILOVOV: Targ‘ibot tadbirlarida yoshlarning faolligi odamni quvontiradi
15:46 / 2023-04-28

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning o‘qishi, kasb tanlashiga ko‘mak berish va zarur sharoitlar yaratish bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Bunday e’tibor yoshlarni bilim olish, o‘zi qiziqqan kasbni tanlab, yetuk kadr bo‘lish va O‘zbekistonimizning gullab-yashnashida munosib hissa qo‘shishga undamoqda. Ayniqsa, bunday imkoniyatlar ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rnini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir.  

Joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumning o‘tkazilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda yoshlarning faolligini ko‘rib, ularning ona Vatanga bo‘lgan cheksiz mehridan ko‘ngillar shod bo‘ladi.  

Ana shunday faol yoshlardan biri – Shahrisabz davlat pedagogika institutining “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha  1-kurs talabasi Faxriyor Tilovovning yangilanayotgan Bosh qomusimiz haqida fikri bilan qiziqdik.  

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum oldi tadbirlari mamlakatimizda keng miqyosda o‘tkazilmoqda, –dedi F.Tilovov. – Ushbu tadbirlar nafaqat siyosiy jarayon, balki har bir fuqaroning o‘z huquqini bilishga va jamiyat hayotiga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi.  

Xo‘sh, yangilanayotgan Bosh qomusimiz yoshlar hayotida qanday o‘rin egallaydi?  

Yangilanayotgan qomusda davlat yoshlarni o‘z himoyasiga olishi kafolatlanayotgani muhim ahamiyatga kasb etadi. Demak, yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yangilanayotgan Konstitutsiyada ko‘plab soha va yo‘nalishlar qatorida yoshlar masalasiga alohida ustuvor vazifa sifatida qaraladi.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada alohida bir bob – XIV bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani bilan yanada ahamiyatlidir.  

Unga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilanmoqda.  

Bugun yangilanayotgan Bosh qomus haqida atroflicha ma’lumot berilmoqda. Referendum o‘tkazilishiga sanoqli kunlar qoldi. Imkoniyatdan foydalanib, shu zaminning har bir fuqarosini va yoshlarni o‘z huquqidan foydalangan holda referendumda faol ishtirok etishga chaqiraman.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi