9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, hudud faollari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bilan Angren shahrida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashdi.
Dastlabki manzil “Go‘zal” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 97 yoshni qarshi olgan Nikolay Prokoshin xonadoni bo‘ldi. Hozir u qizi Galina Sert bilan birga yashaydi. Viloyat hokimi Prezidentimiz yo‘llagan tabrikni o‘qib eshittirdi. Otaxonga Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga berilayotgan bir martalik 20 million so‘m pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
[gallery-17335]
Asli Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan Nikolay Prokoshin boshlang‘ich maktabning 3-sinfigacha ta’lim oladi, xolos. Murg‘akkina jussasi bilan hayotning katta-kichik so‘qmoqlarini bosib o‘tgan. U 1944-yili 17 yoshida urushga kirdi. U Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi ordeni bilan taqdirlangan. Keyinchalik N.Prokoshin 1951-yilgacha Uzoq Sharqda chegara qo‘shinlarida xizmat qildi. Vaqt o‘tib xolasi Zoya opa Angrenga ko‘chib kelish taklifini beradi.
Uchrashuvda urush faxriysi ko‘rsatilgan e’tibordan xursand bo‘lib, o‘z minnatdorligini bildirdi. Bayram munosabati bilan viloyat faollari urush faxriylari Roza Jonazarova, Elvira Yakimenko va Mariya Ovasapovaning xonadonlarida ham bo‘ldi.
A.Musayev, D.Ernazarov(surat), O‘zA muxbirlari