Andijonda “Vatanparvarlik” oyligi doirasida “Milliy armiyamiz – g‘urur va iftixorimiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tashkil etilgan tadbirga yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida ko‘p yillar davomida fidokorona va samarali xizmat qilgan soha faxriylari – Botirjon Ashurov va Oybek Toshtemirov taklif etildi.

Tizim xodimlari ishtirokida o‘tgan tadbirda so‘zga chiqqan Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Bunyod Egamnazarov hamda boshqalar tomonidan tizimning shonli tarixi, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, soha xizmatchilarining jasorati, mardligi va vatanparvarlik fazilatlari xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Soha faxriylari o‘zlarining hayotiy va kasbiy tajribalari, xizmat mashaqqati, mas’uliyati haqida gapirdi, xizmatni samarali olib borish yuzasidan taklif va maslahatlar berdi.

Yakunda faxriylarga minnatdorchilik bildirildi, hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir ishtirokchilar qalbida kasbga fidoyilik va sadoqat, Vatanga hurmat va muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari