Insonni qadrlash, jasoratli mehnat faoliyatiga hurmat bajo keltirish, ibrat olish xalqimizga xos bo‘lgan azaliy qadriyatlarimizdan biri sanaladi.
Bu yilgi Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar yurtimizda «Jasorat – millat g‘ururi va iftixori» shiori ostida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, mardlik va jasorati bilan barchaga ibrat bo‘layotgan va hozirda keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylariga davlatimiz tomonidan katta e’tibor ko‘rsatilmoqda. Joylarda faxriylar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalari, uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati Nurafshon shahrida o‘tkazildi. Ko‘p yillar sport sohasida mehnat qilgan, mahoratli sportchilarni tarbiyalashga, ommaviy sportni rivojlantirishga hissa qo‘shgan va bugungi kunda ham o‘z tajribasi bilan yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelayotgan faxriylar o‘rtasida turnir tashkil etildi.
Musobaqada faxriylar sportning stol tennisi va shaxmat-shashka turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Dildan suhbatlashdi. Yurtimiz sportchilarining nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida fikrlashildi.
O‘ziga xos bayram tarzda kechgan musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA