Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faxriylar Samarqandni ziyorat qildi
16:02 / 2024-10-08

Jizzax shahridagi bir guruh faol mehnat faxriylari– viloyat boshqarma va tashkilotlaridagi faxriylar jamoatchilik kengashlarining raislari, viloyat “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashining faol ayollari uchun “Nuroniylar haftaligi” doirasida ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.

Nuroniy otaxon va onaxonlarning azim Samarqand shahriga uyushtirilgan sayohati mamlakatimiz birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat qilishdan boshlandi. Marhumning qabriga gullar qo‘yilib, haqqiga xatmi Qur’on qilindi, U kishining Vatanimiz mustaqillikka erishishi, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi amalga oshirgan xizmatlari yodga olindi.

Jizzaxlik nuroniylar buyuk sohibqiron Amir Temur maqbarasini, Bibixonim, Mirzo Ulug‘bek, Hazrati Doniyor muqaddas qadamjolarini, Registon maydoni, Tillaqori madrasasini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.  

Ko‘hna va hamisha navqiron shaharda bunyod etilayotgan “Samarqand Citi” shaharchasi jizzaxlik nuroniy sayohatchilarda yorqin taassurot qoldirdi.  

Yangi O‘zbekiston sharafiga Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan barpo etilgan bu maskanni mo‘’jizalar makoni, deb aytish mumkin. Unga kirgan kishi nafaqat miriqib tomosha qiladi, zavqlanadi, balki ma’naviy oziq ham oladi, ilmu ma’rifat sarchashmalaridan bahramand bo‘ladi.  

[gallery-19648]

– Hukumatimizning biz nuroniy otaxonu onaxonlarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarini qalb-qalbimizdan hamisha his qilib turamiz, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, faxriy jurnalist Abdulla Ahmedov. – Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugungi kunda mehnat faxriylari bo‘lgan nuroniylarimizga bir qator imtiyozlar berilganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Jumladan, ularning sog‘lig‘ini tiklash maqsadida ko‘p xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Nuroniylar bir yilda bir marotaba mamlakatimizdagi o‘zi istagan sanatoriyada sog‘lig‘ini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlikdan albatta boshimiz ko‘kka yetadi, o‘zimizni jamiyatning faol hamda eng ardoqli kishilari deb his qilamiz.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari