Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Faxriylar kengashlari”faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama etildi
20:48 / 2024-09-27

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvida vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, korxona va tashkilotlar huzuridagi “Faxriylar kengashlari” faoliyatini samarali tashkil etish va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq vazirlik, tashkilot, idora, muassasalar huzurida tuzilgan “Faxriylar kengashlari” faoliyatini tartibga solish belgilangan.

Tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev so‘nggi yillarda mamlakatimizda keksa avlod vakillarining jamiyat hayotidagi ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.  

– Yoshi ulug‘larga g‘amxo‘rlik, izzat-hurmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilib, ularning salomatliklarini tiklash, nogiron, yakka-yolg‘iz yashovchi keksalarni ijtimoiy himoya qilish masalalari yangi bosqichga ko‘tarildi, — dedi  “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev. — Yurtimizda faoliyat yuritayotgan “Nuroniylar” jamoatchilik kengashlari, mahallalarda ish olib borayotgan “Keksalar maslahati” guruhlari kabi “Faxriylar kengashlari” ham “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini samarali olib borishda muhim o‘rin tutadi.

Ayni paytda vazirliklar, idora va ta’lim muassasalari, korxona, tashkilotlarda “Faxriylar kengashlari” samarali faoliyat yuritmoqda.  Bu kengashlar “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi bilan hamkorlikda o‘z tizimlarida faoliyat ko‘rsatib, nafaqaga chiqqan nuroniylarning holidan xabar olish, tug‘ilgan kunlarida va bayramlarda ularni tabriklab, yubileylarini o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lib, uy-joy, maishiy muammolarini hal etishda ko‘maklashib, sanatoriyda sog‘lomlashtirish va davolashni tashkil etish, sayohatlarga borishini ta’minlash kabi ishlarda ko‘mak bermoqda.  

“Faxriylar kengashlari” bilan hamkorlikda, hamjihatlikda barcha sohalardagi faxriylarimizga izzat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. O‘z navbatida faxriylarimiz ham o‘zlarining boy hayotiy tajribalari asosida yoshlarning ta’lim-tarbiyasi va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishda, turli ijtimoiy muammolarga yechim topishda faol ishtirok etib kelishmoqda.  

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda faxriylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni alohida e’tirof etishdi.  

Tadbir davomida vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, korxona va tashkilotlar huzuridagi “Faxriylar kengashi” a’zolarining fikr-mulohazalari tinglandi hamda kelgusidagi vazifa va rejalar belgilab olindi.  

N.Usmonova,  

O‘zA