DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Marhamat tumanidagi harbiy qismda “Ulug‘ ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish – har bir chegarachining sharafli burchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Harbiy qism rahbariyati tashabbusi bilan askarlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chegara qo‘shinlarining shonli an’analarini keng targ‘ib etish, yoshlarni yurtga, Vatan himoyasiga fidoyi insonlar qilib kamolga yetkazish maqsadida tashkil etilgan tadbirda iste’fodagi podpolkovnik Baxtiyorjon Qayumov, harbiy qismda xizmat vazifasini o‘tayotgan askar va zobitlar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda chegara qo‘shinlari faxriysi, iste’fodagi podpolkovnik Baxtiyor Qayumov o‘zining xizmat davridagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Vatan himoyasi, uning tinchligi va sarhadlari daxlsizligini saqlash har bir insonning, ayniqsa, er yigitning muqaddas burchi ekanligi, chegara qo‘shinlari askarlarining mas’uliyati haqida gapirdi.
[gallery-23579]
Shuningdek, tadbirda yurtimiz Qurolli Kuchlari salohiyati, harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, chegara qo‘shinlarining shonli an’analarini davom ettirish sharafli burchi ekanligi, harbiyning farzandlik, oila rahbari – otalik mas’uliyati xususida so‘z yuritdi.
Faxriyning ibratli hayot yo‘li, xizmat davomida erishgan yutuqlariga havas qilgan askar va zobitlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga faxriy chegarachidan batafsil javob oldi.
– Faxriylarning hayot yo‘li biz yoshlar uchun ibrat maktabidir, – deydi leytenant Farhod Toshpo‘latov. – Bugungi tadbirda qatnashib, xizmatni yuqori saviyada o‘tkazish, chegarachi nimalarga ko‘proq e’tibor berishi kerakligi haqida ibratli maslahatlar oldik.
Tadbir, ayniqsa, yosh askarlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Yakunda faxriy chegarachiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.