Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faxriylar e’zozda
17:43 / 2023-05-08

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati sud-huquq sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, xozirda farzandlari, nabiralari qurshovida osuda, farovon hayot kechirayotgan faxriylardan xabar olinmoqda.

Bayram arafasida bo‘lib o‘tayotgan bu kabi tadbirlar fahriylarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda. Zero, har qancha e’tibor va e’zozga munosib faxriylarning har biri o‘z davrida kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib, odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shgan. Shu bois ham mehnat faxriylarini ulug‘lab, ularning boy tajribasidan saboq olib, murakkab va sharafli ishini davom ettirish sud tizimi xodimlari uchun muqaddas burch sanaladi.  

– Biz ish boshlagan yillar bilan hozirgi paytni qiyoslaydigan bo‘lsak, ancha farqi bor, – deydi mehnat faxriysi Xudoyor Muhammadiyev. – Pastqam, binolarda xizmat qilganmiz. Bunaqa keng, shinam ish xonalar ham, xizmat avtomashinalari ham hozirgidek yetarli bo‘lmagan. Keyingi yillarda sohaga qaratilayotgan yuksak e’tiborni bir umr orzu qilib yashaganmiz. So‘nggi yillarda qonunchiligimiz ham tubdan takomillashib bormoqda. Yaratilayotgan sharoitlarga havasimiz kelib, ko‘zimiz quvnaydi. Bunday e’tibor kuch-quvvat, yoshimizga yosh qo‘shayotganidan behad mamnunmiz.  

Viloyat sud-huquq tizimida ancha yillar faoliyat yuritgan Xudoyor Muhammadiyev xonadoni bayramlar arafasida hamkasblari, shogirdlari bilan gavjum bo‘ladi. Mehnat faxriysining holidan xabar olib, sovg‘a-salomlar ulashadi. Qimmatli maslahatlari va ibratli suhbatidan bahramand bo‘lishadi. O‘zining yetmish ikki yoshini qarshi olgan fidoiy huquqshunos “Sud faxriysi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. Viloyat sudi mutasaddilari, shuningdek, el ardog‘ida yashayotgan Jo‘ra Normatov, Xudoyberdi Noraliyev, Norquvvat Yangiboyev, Oyimjon Yakubova, Qurbonpo‘lat Jo‘rayev singari sud faxriylari holidan xabar oldi. Ular bilan samimiy suhbat qurildi, xotiralar eslandi va bayram tuhfalari topshirildi.  

Asqar Qudratov,  

Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va ommaviy axborot 

vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti  

O‘zA