Ezgulik, mehr-oqibat, xayr saxovat, ma’naviy poklanish oyi – Ramazoni sharif bu yil yurtimizda har qachongidan ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh va hamjihatlik bilan munosib tarzda o‘tmoqda. Ayniqsa, qutlug‘ oyda xayrli ishlar ko‘lami ortib, kam ta’minlangan, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga mehr, saxovat ko‘rsatilmoqda.
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov muborak Ramazon hayiti munosabati bilan uzoq yillik samarali mehnatlari bilan Vatanimiz ravnaqi, yoshlar kamoliga salmoqli hissa qo‘shgan bir qator nuroniylarni yo‘qladi. Jumladan, keng jamoatchilik vakillari bilan Yangi Namangan tumanining Go‘zal mahallasida istiqomat qilayotgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Abdulhay Tursunov xonadonida bo‘ldi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifasida ko‘p yillar fidokorona mehnat qilib, hozirgi kunda “Faxriy imom” maqomiga ega bo‘lgan bu ulamo hayit ayyomi bilan qutlandi. Abdulhay domla Tursunov o‘z mehnat faoliyati davomida ko‘plab diniy-ma’rifiy, axloqiy kitoblarni nashr etilishida bosh bo‘ldi. Qolaversa, diniy xodim sifatida yoshlar ta’lim tarbiyasi, oila, nikoh kabi mavzularda asarlar yozib, targ‘ibot ishlarida alohida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni va “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Mufatxon Mamatov xonadonidagi yo‘qlov samimiy muloqot ruhida kechdi. Uzoq yillar Namangan pedagogika universiteti rektori, viloyat “Bilim jamiyati”, “Mahalla” xayriya jamg‘armasi, “Nuroniylar” jamg‘armasi raisi kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat olib borgan faxriy bugungi kunda mahalladoshlari uchun eng yaqin maslahatgo‘y sifatida hamisha e’zozda.
Namangan tumanidagi Mullakuding qishlog‘ining tabarruk keksalaridan biri, 108 yoshli Ibrohimjon ota Xo‘jayevni viloyatda 7 yoshdan 70 yoshgacha barcha birdek ardoqlab keladi. Muborak oyda Namangan shahrida Prezidentimiz ishtirokida iftorlikda qatnashgan nuroniyga davlatimiz rahbari tomonidan "Traverse" avtomashinasi tuhfa qilinganligini e’tirof etish joiz. Ikki asrni ortda qoldirgan otaxon navbatdagi yo‘qlovdan behad mamnunligini bildirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va xalqimizga yanada farovonlik, osudalik so‘rab, qo‘lini duoga ochdi.
Yurtimizdagi farahbaxsh o‘zgarishlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar va ularning bugungi kundagi samaralari uchun Yurtboshimizga minnatdorlik izhor qilindi. Ramazon hayiti oldidan bunday xayrli tadbirlar viloyatning barcha tumanlarida davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.