Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faxriy ustozlar uyi darvozasiga peshlavha o‘rnatilmoqda
10:48 / 2023-10-04

Ibratli tashabbus

Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bu yilgi O‘qituvchi va murabbiylar kunida ibratli tashabbusni ilgari surdi. Uzoq yillar ta’lim–tarbiya sohasida samarali mehnat qilib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalab, ularga ilm-fan sirlarini chuqur o‘rgatgan faxriy pedagoglarning uylari darvozalariga “Bu xonadonda muhtaram va qadrli zot, o‘qituvchi-murabbiy yashaydi” kalomlari bitilgan peshlavhalarni o‘rnatishni yo‘lga qo‘yildi.

Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida faxriy ustozlarning ko‘p yillik mashaqqatli va ayni paytda sharafli mehnatlarini qadrlashga yo‘naltirilgan bu tashabbus Sariosiyo tumanidan boshlandi. Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari faxriy ustozlarning xonadonlarida bo‘lib, ularni umumxalq bayrami bilan tabrikladi. Sovg‘a–salom ulashib, uylari darvozasiga “Bu xonadonda muhtaram va qadrli zot, o‘qituvchi- murabbiy yashaydi”, so‘zlari yozilgan peshlavhani ilib qo‘ydi.

– Mamlakatimizda o‘qituvchi–murabbiylarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ustozlarning sermashaqqat va sharafli mehnatlari ulug‘lanmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Husniddin Mamadiyev.–Yaqin maslahatguyimizga aylanayotgan faxriylarimiz ham bunday e’tibor va e’zozdan chetda qolayotgani yo‘q. Shu ma’noda ularning uylari darvozasiga o‘rnatilayotgan yangi peshlavhalar hayotini o‘quv-tarbiya ishlariga bag‘ishlagan faxriy ustozlarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromning yana bir namunasidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda umrining eng kuchga to‘lgan davrini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga baxshida etib, shu kunlarda qarilik gashtini surayotgan 5 ming 200 dan ortiq o‘qituvchi istiqomat qilmoqda. Ta’lim muassasalari pedagoglari ustozlari an’analarini davom ettirib, chuqur bilim va yuksak ma’naviyatga ega kelajagimiz egalarini tarbiyalayotir. Faxriy ustozlar yurtimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan rozi bo‘lib yashamoqda. 

Vohaning Sariosiyo tumanida 60 ga yaqin faxriy muallim uyiga “Bu xonadonda muhtaram va qadrli zot, o‘qituvchi-murabbiy yashaydi”, so‘zlari yozilgan peshlavha o‘rnatildi. Yangi peshlavha tumandagi 9-umumta’lim maktabining sobiq fizika o‘qituvchisi Jabbor Fattoyev uyining darvozasiga ham o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi.

Bu yil 74 yoshni qarshi olgan Jabbor bobo Fattoyev 52 yil muqaddam Samarqand davlat universitetini tugatib, 45 yil maktabda fizikadan saboq bergan. Tajribali va fidoyi otaxonning ko‘plab shogirdlari ustozga havas qilib, pedagoglik kasbini tanladi. Ayrim yoshlar boshqa sohalarning etagidan tutdi. Shuningdek, uch o‘g‘il va bir qizi ota izidan borib, o‘qituvchi, degan sharafli kasb egasi bo‘ldi. Yetti yildan buyon qarilik gashtini surayotgan faxriy muallim endilikda mamlakatimiz ta’lim tizimida yaratilayotgan sharoitlardan faxr hissini tuymoqda.

– Agar men ishlagan zamon bilan hozirgi davrni qiyoslaydigan bo‘lsak, osmon bilan yercha farqi bor, – deydi faxriy pedagog. – Buni bizning avlod yaxshi biladi. Biz ishlagan yillarda dars o‘tish uchun fan jihozlari tanqis edi. Keyinchalik o‘qituvchining oyligi ro‘zg‘or tebratishga yetmay qolgan yillarni ham boshdan o‘tkazdik. Bugun vaziyat tamomila o‘zgarganini ko‘rib, beixtiyor o‘qituvchilarga havas qilaman. Maktablar zamonaviy usulda jihozlangan. Jamiyatdagi qadri ulug‘lanib, mehnatiga, qobiliyatiga yarasha ish haqi ham olmoqda. Xullas, har kun bir yangilik bilan yashayapmiz. Qani edi yosh bo‘lsam-u, yana maktabga qaytib, o‘quvchilarga dars bersam deyman. Mana, kuni kecha tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri uyimizga kelib, bayram bilan qutladi. Ko‘p yillik kamtarona mehnatlarimni e’tirof etib, darvozamizga ajoyib peshlavha ham o‘rnatib ketdi. Axir, bunday e’tibor va e’zozdan quvonmay bo‘ladimi? Bularning barchasi uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.

Viloyatning Angor, Bandixon, Uzun va boshqa tumanlarida ham faxriy pedagoglar xonadoniga peshlavha o‘rnatish davom etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA