Faxriy sportchilar musobaqasi
Jizzaxda 60 yoshdan oshgan sport faxriylari o‘rtasida kurash, belbog‘li kurash, turon yakkakurashi va o‘zbek jang san’ati bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda 60 yoshdan oshgan sport faxriylari o‘rtasida kurash, belbog‘li kurash, turon yakkakurashi va o‘zbek jang san’ati bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika milliy sport turlarini rivojlantirish markazi, Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan yuz nafarga yaqin faxriy sportchi ishtirok etdi.
Musobaqaning ochilish marosimida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishda sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari ham ko‘zda tutilgani muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
– Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor nafaqat yoshlarning barkamol voyaga yetishi, balki jamiyatning barcha a’zolari salomatligini mustahkamlashdek ezgu maqsadni amalga oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi qashqadaryolik 76 yoshli Abduvohid ota Musayev. – Shu maqsadda Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlab faxriy sportchilar o‘rtasida musobaqa o‘tkazilayotganidan behad mamnunmiz. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faol bo‘lishga, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etishga munosib hissa qo‘shishga harakat qilamiz.
Kurash bo‘yicha jizzaxlik Mashrab Normatov, surxondaryolik Eshpo‘lat Abduvohidov, Chorshanbi To‘rayev, Qo‘ldosh Xudoyqulov, Abdulla Saidov kabi faxriy sportchilar o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egalladi.
Belbog‘li kurashda Jizzax viloyatidan Mashrab Normatov, Sirdaryo viloyatidan Berdiqul Shoimov, Andijon viloyatidan Sotimboy Ergashev, Surxondaryo viloyatidan Qo‘ldosh Xudoyqulov, Namangan viloyatidan Baxtiyor Yusufbekov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, turon yakkakurashi va o‘zbek jang san’ati bo‘yicha har bir viloyat jamoasi ko‘rgazmali chiqishlar orqali o‘z mahoratini namoyish etdi. Unda Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Namangan viloyatlari jamoalari yuqori natijalarga erishdi.
G‘oliblar va faol ishtirok etgan faxriy sportchilar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.