O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi jamoasi ko‘p yillik tajribaga ega matbuot faxriylari Behbud Jumayev hamda Nazira Shabanova xonadonida bo‘ldi.
Jurnalistika va matbuot sohasida uzoq yillar samarali faoliyat yuritib, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan ustozlarning tajriba va mahorati yoshlar uchun o‘rnak, albatta. Faxriylar bilan bo‘lgan samimiy suhbat ustozlar va yosh jurnalistlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, kasbga sadoqat, ish faoliyatida samaradorlikka erishish xususida bo‘ldi.

– Ayni kunda viloyatda 65 nafar jurnalistlar uyushmasi a’zosi bo‘lib, hozirda nafaqada bo‘lgan yuzga yaqin faxriyni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda. Ustozlarning hayoti va ijodi yoshlarga doim o‘rnak bo‘lib kelgan, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Shamshod Ochilov.
Faxriylarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan yaqinda nashr etilgan “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi ustozlarga taqdim etildi. O‘z navbatida, mehnat faxriylari Behbud Jumayev va Nazira Shabanova e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik izhor qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.