O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan ommaviy axborot vositalari tizimida ko‘p yillar samarali faoliyat olib borgan va soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustoz jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ular holidan xabar olish, ko‘nglini ko‘tarish hamda ularning boy tajribasini yoshlarga ibrat sifatida ko‘rsatish an’anaga aylangan.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov, “Kenimex tanы” gazetasi bosh muharriri Nodira Qalmanbetova hamda bir guruh uyushma a’zolari “Kenimex tanы” gazetasining rivoji va taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan faxriy jurnalist Abduvali Kuzimbayev hamda matbaa sohasi faxriysi Ajargul Narmuratovalarning xonadonida bo‘ldi. Uchrashuvlarda ularning ibratli mehnat faoliyati, tuman matbuotining tarixi va buguni, davlatimiz tomonidan OAV xodimlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor xususida dildan suhbatlashildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Abduvali Kuzimbayev nafaqat tuman, balki viloyat matbuotiga xizmati singgan keksa jurnalistlardan biri. Hayoti davomida mehnat faoliyatini gazetachilikka bag‘ishlagan A. Kuzimbayev 1976 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan davrda “Kenimex tanы” gazetasida muxbir, keyinchalik bosh muharrir lavozimida ishlagan.
[gallery-19722]
– O‘z davrining fidoyisi bo‘lgan, zahmatkash ustozlarni yo‘qlash biz uchun ham qarz, ham farz, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Ularning mazmunli hayot yo‘li, milliy jurnalistika va viloyat matbuoti rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi hamisha ibrat maktabidir.
Konimexlik qalam ahli tomonidan “Qadrli ustoz” sifatida e’zozlanib kelinayotgan, hali-hamon tahririyatga tashrif buyurib, yoshlarga o‘z o‘git va maslahatlarini berib kelayotgan Ajargul Narmuratova bilan bo‘lgan suhbat esa yanada qiziqarli va maroqli bo‘ldi. Suhbat davomida A.Narmuratovaning qariyb 30 yillik matbaachilik sohasidagi mehnat faoliyati davomidagi qiziqarli voqealar, kasb mahorati, gazeta chiqarish mashaqqati va marhum ustozlar haqidagi iliq, samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashildi.
– E’tibordan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Ajargul Narmuratova. – 1984 yildan 2011 yilga qadar tuman bosmaxonasida ishlab, hududimiz gazetasini sahifalashga o‘zimning munosib hissamni qo‘shib keldim. Gazetaning har bir sahifasini chiroyli, mavzularga mos dizaynda tayyorlash, albatta, katta mas’uliyat talab etardi. O‘sha davrda gazetani sahifalash ancha mashaqqatli edi. Barcha ishlar qo‘lda bajarilardi. Bugun mehnatlarimiz qadrlanib, biz kabi faxriylarni e’zozlab, xabar olganlaridan minnatdorman.
Tadbir davomida soha fidoyilariga Uyushma viloyat bo‘limi tomonidan hurmat, ehtirom ko‘rsatildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari