Faxriy hunarmandlarning ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi
Poytaxtimizdagi “Navro‘z” istirohat bog‘ida Toshkent shahar hokimligi va “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan “Respublika faxriy hunarmandlari“ ko‘rgazma-savdosi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada kulol Abdullo Narzullayev, kashtado‘z Gulnora Odilova, zargar Fasxiddin Dadamuhammedov, xattot Salimjon Badalboyev, qo‘lda gilam to‘quvchi Roziya Jumanazarova, milliy qo‘g‘irchoq ustasi Mansur Kuryazov kabi 20 nafardan ortiq faxriy hunarmand o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.


Milliy hunarmandchiligimizni keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda o‘z maktabini yaratgan faxriy hunarmandlar tajribasini ommalashtirish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazma-savdoda 100 xildan ortiq hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.
Ko‘rgazmada xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA