Faxriy harbiylar va yoshlar uchrashuvi
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida Qorovul qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi hamda Faxriylar kengashi hamkorligida o‘tkazilib, unda faxriy harbiylar, bugungi Vatan posbonlari va yoshlar bir davrada jam bo‘ldi.



Tadbir davomida Vatanga sadoqat, harbiy burch, jasorat va fidoyilik kabi yuksak qadriyatlar ulug‘landi. Faxriylarning hayotiy tajribasi va xotiralari yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qildi. Samimiy muloqotlar, xotiralarga boy chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.



Qayd etilishicha, bunday uchrashuvlar yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, milliy armiyamiz nufuzini oshirish hamda avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri