Bugungi kunda yosh avlodni yurtga sadoqat va mas’uliyat ruhida tarbiyalash mamlakat xavfsizligi va barqaror rivojlanishining muhim mezoni hisoblanadi.
Shu maqsadda Milliy gvardiya Faxriylar kengashi tomonidan yosh gvardiyachilar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda yoshlar, kursantlar va faxriy generallar ishtirok etdi.

Uchrashuv “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. U yerda generallarni litsey o‘quvchilari harbiy musiqa sadolari bilan qarshi oldi. Shundan so‘ng mehmonlar ta’lim jarayonlari, elektron tir, muzey, oshxona va sport maydonlari bilan tanishdi. Yoshlar jangovar mashg‘ulot va sport yo‘nalishidagi mahoratlarini namoyish etishdi, elektron tir va kamondan otish bo‘yicha faxriylar bilan birgalikda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.

Amir Temur monumenti oldida xotira uchun suratga tushilgandan so‘ng, litsey jamoasi mehmonlarga esdalik sovg‘alari taqdim etdi.
Faxriylar poytaxtdagi Milliy gvardiya harbiy qismlaridan biriga tashrif buyurdi. U yerda qurol-aslaha va harbiy texnika ko‘rgazmasi bilan tanishdi, gvardiyachilarning ko‘rgazmali chiqishlarini tomosha qilishdi. Faxriylar askarlar bilan suhbatda xizmat yillaridagi hayotiy voqealarni yodga olishdi, yoshlarga mehnat, intizom va Vatanga sadoqatning ahamiyatini uqtirdi.

Tadbir yakunida Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga asosan, faxriylarga “Milliy gvardiya faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida generallar Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetiga tashrif buyurdi. Ular ta’lim jarayonlari, amaliyot poligoni, kutubxona, sport majmuasi va kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Yoshlar bilan o‘tgan uchrashuv samimiy va ilhombaxsh tarzda kechdi. Faxriylar o‘z hayotiy tajribalari, xizmat davridagi saboqlari haqida gapirib, yoshlarni Vatanga sidqidildan xizmat qilishga da’vat etishdi. Professor Jamila Shermuhammedovaning motivatsion ma’ruzasi esa yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarni ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol etib tarbiyalash, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Rahmonova, O‘zA