Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Xayrullo G‘afforov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida mamlakatimizda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi a’zosi Faxriddin Karatayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Spiker o‘rinbosari X.G‘afforov mehmonlarni samimiy qutlab, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan faoliyatga muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuvda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuqori ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanib borayotganligi ta’kidlandi. Turli darajadagi aloqalarning faollashuvi mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini anglatadi.
Muloqot chog‘ida mehmonga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalar ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.
F.Karatayev samimiy uchrashuv va suhbat uchun minnatdorlik bildirib, amaliy ruhdagi muloqotlarni izchil davom ettirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash ikki tomon manfaatlariga birdek xizmat qilishini qayd etdi. Prezident saylovi mamlakat istiqboli, iqtisodiy-ma’naviy taraqqiyotining bardavomligini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi. Saylov jarayonida jahonning qirqdan ortiq mamlakat va qator xalqaro tashkilotlaridan kuzatuvchilar qatnashayotgani O‘zbekistonga bo‘lgan ulkan qiziqish va e’tiborning amaliy ifodasi ekanligini qayd etdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib oldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA