Poytaxtimiz markazidagi “Magic city” majmuasidagi musiqali va rangli favvora doim odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Yoz payti bolalar bilan ushbu majmuaga borganimizda favvoraning serjilo va jo‘shqin otilishidan farzandlarim qiyqirib quvonishgan va bu ajib manzarani telefonga s’yomka qilishgan edi. 3 yashar qizim doim ana shu musiqali favvora videosini o‘zgacha zavq bilan, qayta-qayta tomosha qilib o‘tiradi.
Darhaqiqat, favvoralar kattayu kichik hammaga birdek zavqu shavq ulashadi, quvonch va ko‘tarinkilik baxsh etadi, qalblarimizga orom, ruhiyatimizga tetiklik hadya qiladi. Go‘zal va o‘ynoqi favvoralar, ayniqsa, beg‘ubor bolajonlarning jo‘shqinligini yanada oshiradi, qalbini cheksiz quvonchga to‘ldiradi, atrof olam haqidagi tasavvurlarini kengaytiradi, go‘zallikni his qilishiga chorlaydi. Ular o‘ynoqi tomchilarning jilosiyu zavqidan ichiga sig‘may ketadi.
Har yili yurtimizda 1 may “Favvoralar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Bu kunda yurtimizdagi barcha kattayu kichik favvoralar otilib, yurtdoshlarimizga quvonch, atrofga go‘zallik ulashadi. Favvoralar atrofida bayram, shodiyona qilinadi.
Aslida tinch va osoyishta yurtda ana shunday ko‘tarinkilik, quvonch va baxtiyorlik hukmron bo‘ladi. Shu ma’noda ona Vatanimizning har go‘shasida jo‘shqinlik ila jilolanayotgan favvoralarni tinchlikdan, osoyishtaligu barqarorlikdan, farovonlik va hurlikdan darak, deyish mumkin.
Yurtimizda favvoralar soni yildan-yilga ortib borayotgani, turli zamonaviy ko‘rinishdagi, rang-barang, katta va musiqali fontanlar barpo etilayotgani ko‘zimizni quvontirmoqda. O‘zining ko‘rku-tarovati, betakror jilosi, ajoyib dizayni, murakkab yechimga egaligi va rangdorligi bilan dunyodagi mashhur favvoralardan qolishmaydigan favvoralarimiz yurtimiz go‘zalligiga yanada ko‘rkamlik bag‘ishlaydi. Ular aholi uchun ko‘ngilochar manzillardan biri sifatida xizmat qilib, qalblarni to‘lqinlantirayotgani, ezgu maqsadlar sari intilishga chorlayotgani, yuksak marralar sari ishtiyoq uyg‘otayotgani e’tiborga molik.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda XIV-XV asrlardayoq urf bo‘lgan favvoralar hali Yevropa xalqlari uchun notanish bo‘lgan. Qadimiy favvoralarni Alisher Navoiy asarlari va "Boburnoma"ga ishlangan miniatyuralarda ham ko‘rish mumkin. O‘z davrida favvoralar yoysimon, to‘rtburchak shakllarda bo‘lib, anvoyi gullar ularga yanada ko‘rkamlik baxsh etgan. Maxsus tayyorlangan sopol quvurlar orqali kelib, otilib chiqqan suv hovuzchalarga tushib, yana yopiq ariqlar orqali chiqib ketgan. Murakkab muhandislik-qurilish yechimi asosida barpo etiladigan favvoralar ajdodlarimizning zehni, bunyodkorlik salohiyati, me’morchilik san’ati naqadar yuksak bo‘lganligidan dalolat beradi.
Hozirda bu go‘zal inshootlar dunyoning barcha mamlakatlarida turli-tuman ko‘rinishlarda barpo etilib, insonlarga quvonch ulashmoqda. Dunyodagi eng katta favvora “The Palm Fountain” favvorasi bo‘lib, Dubayning Palma Jumayra orolidagi qirg‘oq hududida joylashgan. Birlashgan Arab Amirliklaridagi mazkur diqqatga sazovor joy 1,3 ming kvadrat metr maydonni egallab, Ginnesning rekordlar kitobiga tarixdagi eng katta favvora sifatida kirdi. Qolaversa, bugun Yaponiya, Koreya, Avstriya, Singapur, Ispaniya, AQSH, Gollandiya kabi qator mamlakatlarda dunyodagi eng katta va eng go‘zal favvoralar joylashgan.
“Favvoralar kuni” munosabati bilan poytaxtimizdagi barcha favvorlar jo‘shqin tarzda, yuksaklik sari otilmoqda. Ularni tomosha qilishga kelgan kattayu kichik hamma favvoralarning betakror go‘zalligidan bahramand bo‘lishayotir. Muborak kunlarda yurtimiz manzillaridagi bu kabi xursandchilik va zavqu shavq abadiy bo‘lsin, Vatanimiz tinchligiyu osoyishtaligiga ko‘z tegmasin, deya duolar qilamiz.
Muhtarama Komilova, O‘zA