French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Favqulodda vaziyatlarning oldini olishda zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi
18:15 / 2026-01-05

Ma’lumki, 2025 yil 26 dekabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnoma taqdim etildi. Ushbu Murojaatnoma mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab bergan, strategik ahamiyatga ega muhim dasturiy hujjat sifatida keng jamoatchilik e’tiborida bo‘ldi. Unda mamlakatni yanada barqaror va izchil rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar, aniq maqsad va yo‘nalishlar belgilab berildi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish masalalariga keng e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, raqamlashtirish va ekologik barqarorlik kabi ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlarda mavjud muammolar tahlil qilinib, ularning aniq yechimlari belgilab berildi.

Ayniqsa, Murojaatnomada ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholining turmush darajasini yaxshilash va inson manfaatlarini eng ustuvor vazifa sifatida belgilashga alohida urg‘u qaratildi. Davlat siyosatining markazida inson, uning huquq va erkinliklari, xavfsizlik va farovon hayoti turajagi yana bir bor qat’iy ta’kidlandi. Bu esa mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar xalqchil, ochiq va natijaga yo‘naltirilgan ekanini yana bir bor tasdiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov O‘zA muxbiri bilan suhbatda mazkur Murojaatnoma yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.

– Mazkur Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni izchil rivojlantirish yo‘lida muhim strategik ahamiyatga ega dasturiy hujjat hisoblanadi. Ayniqsa, unda ilm-fanni rivojlantirish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni hayotga tatbiq etish, shuningdek, mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgani alohida ahamiyat kasb etadi.

Zamonaviy xavf-xatarlar va global iqlim o‘zgarishlari sharoitida favqulodda vaziyatlar sohasida yuqori bilimga, chuqur tahlil qilish qobiliyatiga ega mutaxassislarni tayyorlash dolzarb ahamiyatga ega. Shu ma’noda, Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar oliy harbiy ta’lim muassasalari oldiga ham yangi, mas’uliyatli vazifalarni qo‘yadi.

Ushbu Murojaatnoma oliy ta’lim muassasalari, xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi faoliyati uchun ham muhim strategik yo‘nalishlarni belgilab berdi. Barcha yo‘nalishlarda, jumladan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish yo‘nalishida ham ilmiy-tadqiqot ishlarining sifatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ularni milliy sharoitga moslashtirish dolzarb vazifa etib belgilandi. Bu esa ilmiy ishlanmalarni faqat nazariy darajada emas, balki amaliy natijalarga yo‘naltirish zaruratini keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, innovatsion texnika va ilg‘or xavfsizlik tizimlarini ishlab chiqish, ularni amaliyotga tatbiq etish orqali favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish va zamonaviy ilmiy-texnik yechimlarni yaratish imkoniyati kengayadi.

Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ular faoliyatini uzviy bog‘liq holda rivojlantirish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yosh mutaxassislarni zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, mustaqil fikrlay oladigan, raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlashda bunday hamkorlikning ahamiyati beqiyos. Yosh kadrlarning ilmiy izlanishlarga keng jalb etilishi, ularning tadqiqot olib borish qobiliyatini rivojlantirish va ilmiy salohiyatini oshirish mazkur jarayonning muhim va uzviy tarkibiy qismi hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy konferensiyalar, seminar va tajriba almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish orqali yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yanada kengayadi. Natijada, ta’lim, fan va amaliyot o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik shakllanib, mamlakatning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan samarali tizim yaratiladi.

Murojaatnomada ilmiy kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, kasbiy bilim va malakasini muntazam ravishda oshirib borish, shuningdek, ilmiy faoliyatga zamonaviy tadqiqot metodlari va innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi ustuvor vazifalarning belgilab berilishi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ilmiy muhitni tubdan yaxshilash, tadqiqotlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 

Ayniqsa, ilmiy salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilishi, ularning tashabbus va ilmiy g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash ilmiy maktablarni rivojlantirishga mustahkam zamin yaratadi. Natijada, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni chuqur tahlil qilish, xavf-xatarlarni oldindan prognozlash va ularga nisbatan ilmiy-texnik asoslangan tezkor yechimlar ishlab chiqish imkoniyatlari yanada kengayadi. Bu esa, o‘z navbatida, favqulodda vaziyatlarning oldini olishning samarali tizimini shakllantirish, aholi xavfsizligini ta’minlash va davlat manfaatlarini himoya qilishda ilmiy yondashuvning rolini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi oldiga ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan uzviy bog‘lash borasida aniq, puxta o‘ylangan va yuksak mas’uliyat talab etuvchi vazifalarni qo‘yadi. Ushbu vazifalar Akademiya faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish, ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirish hamda zamonaviy bilim va texnologiyalarga tayangan mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. 

Belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlarning izchil va samarali amalga oshirilishi mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarni oldindan ilmiy bashoratlash, ularning oldini olish, yuzaga kelgan hollarda esa tezkor va samarali bartaraf etish tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Shu bilan birga, aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini turli ofatlardan asrash, strategik ob’ektlar xavfsizligini kuchaytirishda ilmiy asoslangan yondashuvlar yanada mustahkamlanadi.

Shu tariqa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi Yangi O‘zbekistonni ilmga tayangan, raqobatbardosh va innovatsion davlat sifatida shakllantirishda muhim o‘rin tutadigan tayanch oliy ta’lim muassasasiga aylanib boradi. Akademiyada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va ilg‘or tajribalar nafaqat sohaviy rivojlanishga, balki mamlakat xavfsizligini ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shadi.

Gulnoza Boboyeva yozib oldi.

O‘zA