Navoiy viloyatida ham toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishini ta’minlash, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish maqsadida aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
Viloyat aholisi, ijtimoiy soha ob’ektlari va ekin maydonlarini qish va bahor mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat hududidan o‘tuvchi magistral gaz va ichimlik suvi quvurlari, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari, avtomobil va temir yo‘llarning sel xavfi bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchastkalari o‘rganilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, tizimli hamkorlikni ta’minlash va olib borilayotgan ishlar natijalarini umumlashtirib borish maqsadida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi huzurida idoralararo “Tezkor shtab” tashkil etildi.
– Joylardagi “Tezkor shtab” yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan avtotransport vositasi hamda yetarli miqdorda yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan ta’minlangan va 384 nafar shaxsiy tarkib hamda 100 ta texnika shay holatga keltirilgan, – deydi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Muhsinjon Ergashev. – Hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi 23 ta tibbiyot muassasalarida 339 o‘rinli zaxira shifo o‘rinlari yaratilgan. Viloyatda sel oqimlari, suv toshqini va ko‘chki xavfi mavjud 5 ta tumanda 8 ta nazorat-kuzatuv postlari o‘rnatilib, vaziyat bo‘yicha muntazam aloqa almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, suv toshqinlari mavsumidan oldin viloyat hududidagi 4 ta suv omborlarining sel oqimlari va toshqin suvlarini betalafot o‘tkazib yuborishga tayyorgarlik holati o‘rganib chiqildi va tasarrufdagi barcha tuzilmalarda rahbarlar tarkibidan tunu kun navbatchilik tashkil qilindi.

Ko‘chki, tosh yumalashi va to‘kilmalar xavfi mavjud bo‘lgan Navoiy viloyatining Xatirchi tumani Langar qo‘rg‘onidan o‘tuvchi “Oqtosh – Yangirobot – Langar – Chuya” 4r 56 avtomobil yo‘lining 65-68 km oralig‘ida xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan 3 ta maxsus texnika shay holatga keltirilgan. Shuningdek, og‘ir yuk avtoulovlari harakatini nazoratga olish, yo‘lga tushgan tuproq va har xil hajmdagi tosh massalari hamda yo‘l chetidagi suv o‘tkazuvchi ariqchalarni o‘z vaqtida, doimiy ravishda tozalash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘chki va tosh yumalash xavfidan ogohlantiruvchi 16 ta yo‘l belgilari o‘rnatilib, yig‘indi suvlarning quvurlar orqali oqib o‘tishi ta’minlangan.

Viloyatning Xatirchi, Nurota, Qiziltepa, Uchquduq, Navbahor, Karmana tumanlarida daryo, kanallar va sel yo‘llari qirg‘oqbo‘yi mintaqalarida yashayotgan aholini sel toshqin suvlaridan muhofaza qilish maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, 6055 m3 tuproq ishi, 4975 metr o‘zan tozalash ishlari olib borildi.

Shuningdek, viloyatning barcha shahar va tumanlarida mahalliy aholini keng jalb qilgan holda hududlardan oqib o‘tuvchi barcha ariq va kanallarni tozalash hamda ta’mirlash bo‘yicha hasharlar o‘tkazildi.
Bugungi kunda ham amaliy va profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri