Toshkent davlat jahon tillari universitetida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi tomonidan “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida mutaxassislar talaba-yoshlarga favqulodda vaziyatlarning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli xildagi tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligi xususida tushunchalar berdi.


Favqulodda vaziyatlarda xabardor qilish tartiblari hamda maxsus turdagi yong‘in o‘chirish va qutqaruv ishlarini olib borish uchun mo‘ljallangan maxsus texnikalar va asbob-anjomlarning texnik xususiyatlari tushuntirib berildi hamda sohaga oid targ‘ibot materiallari ulashildi.


Talabalar maxsus texnikalar va asbob-anjomlardan foydalanib ko‘rishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida yoshlarga akademiyaga o‘qishga qabul qilish tartibi, akademiyaning faoliyati va sohaga oid tayyorlangan taqdimotlar hamda video-roliklar namoyish etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar bilan muloqot tashkil qilinib, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA