Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar profilaktikasi – dolzarb vazifa (+video)
21:15 / 2024-02-09

Har kuni yoxud kun ora OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’tiborsizlik, belgilangan texnik shartlarga rioya etilmasligi oqibatida turli darajadagi yong‘inlar kelib chiqayotganligi to‘g‘risidagi noxush xabarlarni o‘qiymiz. Demakki, favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar profilaktikasi, bu boradagi ishlar hamon dolzarbligicha qolmoqda.

Shu boisdan yurtimizda aholi hayoti va sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslar mulkining ishonchli himoyasini ta’minlaydigan yaxlit yong‘in xavfsizligi tizimi shakllantirilib, haftaning har chorshanba kuni “Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar profilaktikasi kuni” etib belgilangan. 

Har haftada mazkur kun munosabati bilan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Navoiy shahar hududida tashkillashtirildi. Dastlab viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda shahardagi “Farovon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi. Shundan keyin “Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar profilaktikasi kuni” bo‘yicha mahalla hududida joylashgan “Garden House” MCHJga qarashli qurilishi tugallanmagan ob’ektda faoliyat yuritib kelayotgan ishchi-xizmatchilarning yotoqxonalari va ovqatlanish joylari o‘rganib chiqildi. “Navoiy savdo kompleksi” AJda tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga kerakli tavsiya va yo‘riqnomalar berildi.

[gallery-15864]

– Bugun favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari bilan hamkorlikda yonginlarning oldini olish, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlar to‘g‘risida tushuntirish-targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi, – deydi “Navoiy savdo kompleksi” AJning fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mas’ul xodimi So‘nmas Shodmonov. – Tadbir davomida tadbirkorlarga yong‘in sodir bo‘lganda birlamchi yong‘in o‘chirish moslamasidan foydalanish tartib-qoidalari o‘rgatildi. Bundan tashqari jamiyatimizda mavjud radio tarmog‘idan har kuni tadbirkorlar e’tiboriga yong‘inlarning oldini olish, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirishlar berib boriladi. Shuningdek, har bir savdo do‘koniga kirilib, tadbirkorlar bilan elektr energiyasidan belgilangan tartiblarga ko‘ra oqilona foydalanish, do‘konni yopib ketayotganda elektr uskunalarini o‘chirib ketish, yong‘in chiqqanida harakatlanish tartibi haqida ma’lumotlar berib borilmoqda. 
Farovon mahallasi hududidagi mavjud jami 48 ta ko‘p qavatli aholi turarjoylaridagi 1816 ta xonadonning yong‘inga qarshi texnik mustahkamligi o‘rganib chiqildi. 78 ta yakka tartibdagi turarjoy xonadonlari o‘rganildi. Eng muhimi, o‘rganishlar davomida xonadonlarning dudbo‘ronlari va gaz jihozlarida aniqlangan kamchiliklar hamkor tashkilotlar tomonidan joyida bartaraf etilmoqda. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/y2v29xZHEbo" title="Favqulodda vaziyatlar va yongʻinlar profilaktikasi – dolzarb vazifa" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

– Fuqarolarga sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, fuqarolarning is gazidan zaharlanishining oldini olish, yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik, elektr manbaasidan belgilangan talablar asosida foydalanish zarurligi yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Muhsin Ergashev. – Profilaktik tadbir davomida Navoiy shahar hududida joylashgan savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar xizmat faoliyati vaqtida yong‘in xavfsizligi qoida-talablariga to‘liq rioya qilishi, zaxira chiqish eshiklarini to‘sib qo‘ymaslik, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlanishi, ulardan to‘g‘ri foydalanish, qo‘lbola yasalgan elektr qurilmalaridan hamda nosoz bo‘lgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan elektr moslamalardan foydalanmaslik to‘g‘risida ogohlantirildi. 

Tadbirlar davomida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan “Yangi hayot” savdo majmuasi, Navoiy shahar hududida joylashgan davlat tasarrufidagi ob’ektlar va “Impuls” MCHJga qarashli o‘quv markazi ishchi-xizmatchilari bilan suhbat o‘tkazilib, ularga yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish hamda favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda harakatlanish tartiblari tushuntirib o‘tildi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat,video), O‘zA muxbirlari