Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qoshidagi Hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi tomonidan korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari hamda mas’ul xodimlari uchun malaka oshirish, qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi texnologiyalarning ishlab chiqarilishi bilan birgalikda inson salomatligi uchun xavf-xatarlarning ham turi va ko‘lami ortib bormoqda. Mutasaddilar tomonidan amalga oshirilgan tahlillar – sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning 80 foizga yaqini inson faoliyati bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatgan. Qurbon bo‘lganlarning 40 foizdan ortig‘i tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sharoitiga to‘g‘ri baho bera olmasligi, ayniqsa, mazkur sharoitda to‘g‘ri harakatlanish yo‘llarini topa olmasligi natijasida noxush holatlarga duch kelgan.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, jabrlanganlar sonini kamaytirishda aholining favqulodda vaziyatlar sharoitidagi xavfsizlik madaniyatini oshirish, xavfsizlik qoidalarini samarali targ‘ibot va tashviqot qilish, o‘rgatish muhim ekani o‘z isbotini topdi. Bunday holatda, shu sohadagi malakali va bilimli mutaxassislarning o‘rni beqiyosdir.
– Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 sentyabrdagi qarori bilan “Aholining barcha qatlamlarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari asosida Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qoshida Hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi tomonidan korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari, mas’ul xodimlari uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati rahbari kapitan Farrux Abduraxmonov. – Ushbu o‘quv markazini joriy o‘quv yili uchun tinglovchilarni jamlash rejasiga asosan, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi boshqarmalariga qarashli muassasalar rahbarlari, shahar va tuman favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat quyi tizimiga kiruvchi xizmatlar rahbarlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari raislari va fuqaro muhofazasi tuzilmalari komandirlaridan iborat jami 1 ming 231 nafar tinglovchining malakasi oshirildi.
Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy bosqichlarda tashkil etilib, tinglovchilarga favqulodda vaziyatlarning turlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorligi, har bir favqulodda vaziyatning o‘ziga xos jihatlari hamda ularni oldini olish tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Zarur hollarda, markaz xodimlari tomonidan “Ko‘chma o‘quv kurslari” tashkil etilib, uzoq va chekka hududlarda joylashgan tashkilot xodimlari ham hayot faoliyati xavfsizligi yo‘nalishida tayyorgarlikdan o‘tkazildi.
O‘quv markazi hamda ko‘chma o‘quv kurslari davomida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar – tashkilot rahbarlari faoliyatida favqulodda vaziyatlarning oldini olishdagi mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-3353]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA